Shaxsiy rivojlanish

O'qish vaqti: 13 daqiqa

Alisher Usmonovning muvaffaqiyat sirlari. Oʻzbekistonlik milliarderning hayot yoʻli

Barchasi qanday boshlangan edi?

Alisher Usmonovning biznes olamiga kirib kelishi va katta nufuzga ega boʻlishi uzoq va davomli yoʻl boʻlib, u doim yangi imkoniyatlar topishning uddasidan chiqar edi. Biznesning qandaydir bitta turi yoki tarmogʻi bilan kifoyalanmasdan,  istiqboli bor deb bilgan sohalarga sarmoya kiritardi.

Qahramonimiz 1953-yili Namangan viloyatining Chust shahrida dunyoga kelgan. U oiladagi toʻrt farzandning toʻngʻichi edi. Usmonov Moskvadagi Xalqaro munosabatlar institutida oʻqib, yurist diplomini oldi. Yoshlik yillarida professional qilichbozlik bilan shugʻullangan.

Uning biznes olamidagi tarixi Sobiq Ittifoqning soʻnggi yillarida boshlandi. Oʻzi sevgan kasbi – huquqshunoslik bilan oʻzini toʻliq taʼminlay olmasligini tushungani uchun ishbilarmonlik bilan shugʻullanishni maqsad qilgan ekan. U milliardlik boylikka ega boʻlsada, oʻzini oddiy inson sanaydi. “Men uchun pul bu vazifadir, - deydi milliarder, - Pul nimagadir erishish imkonini beradi yoki aksincha uning miqdoriga qarab sening omadsizliging haqida baho berishlari mumkin”.

Alisher bolaligida, «Uch mushketyorlar»ni oʻqib, qilichbozlikka qiziqib qoladi va ushbu sport turib bilan shugʻullanadi. Ikki yildan soʻng u qilichbozlik boʻyicha respublika terma jamoasi aʼzosiga aylanadi. Birozdan keyin u sport ustasi boʻladi.

Usmonovning ilk biznes ishi poliyetilen paketlar ishlab chiqarish hamda tamaki savdosi edi. U 1997-yilda Rossiya Federatsiyasi hukumati qoshidagi Moliya akademiyasining “Bank ishi” mutaxassisligi boʻyicha tugatadi. 90 yillar boshida Usmonov “Birinchi mustaqil bank” direktorlar kengashi tarkibiga kiradi. Ular qatorida «Rosneft», “MiG”, «Almazyuvelireksport» kabi yirik kompaniyalar boʻlgan. Ushbu pallada boʻlgʻusi milliarder Rossiya biznesida mustahkam oʻrnashib, oʻzining shaxsiy investitsiya kompaniyalarini tuza boshlaydi. Koʻp oʻtmay ilk milliard dollarini ham ishlab topadi.

Alisher Usmonov 90-yillarda katta boylik toʻplagan koʻplab rossiyalik milliarderlar orasida alohida ajralib turadi. U oʻz boyligini ochiq bozordagi aktivlar — mol-mulk va boshqa qimmatbaho narsalarni sotib olish yoʻli bilan toʻpladi, bu jarayonda yangi biznes turlarini, masalan, texnologiyalar sohasidagi ishini dastlabki nuqtadan boshladi.

“Men hech qachon va hech qanday vaziyatda, kimlardir oʻylagandek, oligarx boʻlmaganman. Barcha aktivlar oʻzim va sheriklarim tomonidan ikkilamchi bozordan sotib olingan, ularning xususiylashtirish jarayoniga hech qanday aloqasi yoʻq. Menga hech kim hech narsa sovgʻa qilmagan”, — deb bayonot bergan "Financial Times" gazetasiga bergan intervyusida.

Yangi imkoniyatlar

Unga 90-yillarning oxirida gaz sohasida Rossiyada yakka hukmron boʻlgan «Gazprom» davlat kompaniyasi raisi Rem Vyaxirev oʻz eʼtiborini qaratdi. Vyaxirev Alisher Usmonovni gaz sohasidagi ulkan tuzilmaning investitsiya loyihalari bilan shugʻullanadigan shoʻba korxonasi — «Gazprominvestxolding» kompaniyasi rahbari etib tayinladi.

«Gazprom» uchun bu oltin davr edi. Yuz minglab xodimlarga ega boʻlgan kompaniya — uni koʻpincha “davlat ichidagi davlat” deb atashardi — mamlakatning deyarli barcha mintaqalarida oʻz tuzilmalariga, binobarin, oʻz taʼsiriga ega edi. «Gazprom» butun-butun shaharlarda ijtimoiy sohani — maktablardan tortib pensionerlarni qoʻllab-quvvatlashgacha — toʻliq taʼminlab kelardi.

«Gazprom»ni Aleksey Miller boshqargandan keyin ham Alisher Usmonov yana uzoq vaqt «Gazprominvestxolding»ning rahbari boʻlib ishladi.

Metallurgiya sohasi

Alisher Usmonov «Gazprom»ga kelgan vaqtida yaqindagina xarid qilgan metallurgiya korxonasi kapitalidagi ulushini kompaniyaga sotdi. Manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik uchun ham shunday qildi. Keyinchalik u bozor narxida haq toʻlab, «Gazprom»dan ushbu ulushni qayta sotib oldi.

Alisher Usmonov oʻz kapitalini metallurgiya kompaniyalariga qoʻya boshladi. U bir qator togʻ-kon va poʻlat quyish korxonalarini sotib oldi hamda Rossiyaning yetakchi metallurgiya kompaniyalaridan biri boʻlgan «Metalloinvest» guruhini tashkil etdi. U zarar bilan ishlab kelayotgan Corus Steel Angliya-Gollandiya qoʻshma korxonasiga mablagʻ sarfladi.

Zamonaviy texnologiyalar

“Internet qitʼalarni bogʻlab turgan kemaga oʻxshaydi” degan soʻzlar Alisher Usmonovga tegishli. Xoʻsh, sizningcha u bu soʻzlarni Facebook internet gigantiga sarmoya tikkan 2009-yilda aytganmi? Yoʻq! Bu soʻzlar aytilganida hali olis 2000-yil edi.

Global moliyaviy inqiroz avjiga chiqqan bir paytda, 2009-yilda Usmonov Facebook aksiyalarini sotib olish uchun bir milliard dollar ajratishga qaror qildi.

Bunday xatarli taklifni eshitib, uning biznes hamkorlari Alisher Usmonovga ishonchsizlik bildirishdi.

Usmonov oʻshanda Facebookʻning yaqin kelajakdagi holatini tasavvur qila olgan edi. «Miller aksiyalarning 0,5 foizidan 1 foizigacha sotib olishni reja qilar edi, ammo men bu sohaga kirar ekanmiz, koʻproq ulushga ega boʻlishimiz kerakligini aytdim», deb eslaydi Alisher Usmonov. Natijada Alisher Usmonov va uning sheriklari Facebook aksiyalari ommaviy joylashtirilishidan bir necha yil avval kompaniya aksiyalarining qariyb 8 foizini oʻz qoʻllarida toʻpladilar.

Alisher Usmonov bu bitim qanchalik muvaffaqiyatli boʻlgani haqida hech narsa demagan. Ammo "Financial Times" muxbiri undan olingan foyda kiritilgan sarmoyadan qancha oshganini soʻraganida, u “besh barobardan ortiq”, deb javob bergandi.

Alisher Usmonov koʻp yillar davomida texnologik kompaniyalarga sarmoya kiritishda davom etdi. Rossiyada u “MegaFon” uyali aloqa kompaniyasida, Mail.ru pochta xizmatida va Facebook tarmogʻining Rossiyadagi muqobili boʻlgan “V Kontakte” ijtimoiy tarmogʻida aksiyalarni sotib oldi.

Usmonovning zamonaviy texnologiyalarga boʻlgan alohida qiziqishi uning Apple, shuningdek, dunyoning koʻplab texnologik yetakchilariga – JD.com, Twitter, Spotify, Uber va boshqa kompaniyalarga muvaffaqiyatli investitsiya kiritganida oʻz aksini topdi.

Uning eng yirik sarmoyalari quyidagicha:

1. 2006-yilda “Kommersant” nashriyot uyi;

2. 2007-yilda “MuzTV” telekanali;

3. 2007-yilda Londonning “Arsenal” futbol klubi;

4. 2008-yilda «MegaFon» aloqa kompaniyasi;

5. 2009-yilda Facebook ijtimoiy tarmogʻi;

6. 2010-yilda Mail.ru internet portali;

7. 2012-yilda “USM Holdingsʻning asosiy qismi (bu xolding tarkibiga «Metalloinvest», “MegaFon”, «Skartel», Mail.ru Group”, “Disney Russia”, “MuzTV”, “Yu” kabi telekanallar kirardi. Bundan tashqari milliarder hisobida mail.ru ortidan “V Kontakte”, «Odnoklassniki», “Moy Mir”, «ICQ» messenjeri kabi aktivlar ham bor;

8. 2013-yilda “Apple gigantining 100 million dollarlik aksiyalari (keyinchalik u bu aksiyalarni yaxshi foyda bilan sotib, Xitoyning texnologik kompaniyalari aksiyalarini sotib olgan).

Aynan shu va shu kabi sarmoyalar Alisher Usmonovning milliarderlarning yetakchisiga aylanishiga sabab boʻlgan. 

Xayriyalari

2011-yil may oyida Usmonov "The Sunday Times" tomonidan tuzilgan reytingda Britaniyaning eng yirik xayrixoh beshtalaridan biriga aylandi. Gazetaning yozishicha, ushbu xizmat tadbirkorning “Sanʼat, fan va sport” fondini moliyalashtirishda; Usmonovning 2010-yildagi xayriya xarajatlarining umumiy miqdori taxminan 126,5 million dollarni tashkil etdi.

2013-yilda Usmonov "Forbes" jurnali talqiniga koʻra, rus xayriyachilari reytingida birinchi oʻrinni egalladi.

2014-yil 4-dekabrda Usmonov Christieʼs Nyu-York kim oshdi savdosida Jeyms Uotson nomidagi Nobel medalini (Uotson sotishga majbur boʻlgan) 4,1 million dollarga sotib oldi va olimga qaytarib berdi.

2019-yildan beri Usmonov Oʻzbekistondagi ijtimoiy loyihalarga 300-400 million dollarlik sarmoyalar kiritilishini eʼlon qildi, ular orasida qishloqlarni rivojlantirish ham bor.

2019-yil dekabr oyida Usmonov Sothebyʼs kim oshdi savdosida zamonaviy olimpiya harakati asoschisi Pyer de Kuberten manifestining qoʻlyozmasini nomaʼlum ravishda 8,8 million dollarga sotib oldi va ikki oy oʻtib Lozannadagi Olimpiya muzeyiga sovgʻa qildi.

2020-yil aprel oyida USM jamgʻarmasi aksiyadorlari shifokorlar va koʻngillilar uchun shaxsiy himoya vositalarini sotib olish, Rossiyada koronavirus bilan kasallanganlarni davolaydigan tibbiyot xodimlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash uchun 2 milliard rubldan ortiq mablagʻ ajratgani maʼlum boʻldi.

2020-yilgi inqiroz paytida Usmonov Jek Dorsi va Bill Geytslar qatorida dunyodagi eng katta xayr-ehson qiluvchilarning biriga aylandi. 2020-yil may oyida "The Sunday Times" gazetasi Usmonovni boy roʻyxat ishtirokchilari orasida COVID-19ʻga qarshi kurashga eng katta hissa qoʻshgan deb eʼlon qildi. Nashr maʼlumotlariga koʻra, milliarderning xayriya mablagʻlari Rossiyada 126 million dollarni, Oʻzbekistonda 25 million dollarni tashkil etgan. Shuningdek, u Sardiniyaga (Italiya) yana yarim million yevro ajratdi.

Xulosa

Umuman olganda, 2005-2020-yillarda Usmonov 2,6 milliard dollardan koʻproq mablagʻ yoʻnaltirgan.

Uning shaxsiy kapitali 15,8 milliard dollarni tashkil etadi (2020-yil). Ayoli – Vinerning aytishicha, turmush oʻrtogʻi futbolga juda qiziqib, bu sport turiga u begʻaraz ravishda milliardlab pullarini sarflaydi.

Oʻz omadi kaliti sifatida Usmonov biznesdagi toʻgʻri va aniq strategiyasini keltiradi. U ish faoliyatida turli nizo va bahslardan qochishga harakat qiladi. Shuning uchunmi har qanday bahsdan gʻolib boʻlib chiqadi.

Kamoliddin Abdullayev tayyorladi

Nashr qilingan sana: 14.11.2020