Moliya

O'qish vaqti: 10 daqiqa

Bank kartalari haqida muhim maʼlumotlar. Kartadagi pulni firibgarlardan qanday himoya qilish mumkin?

Bank kartasi – mahsulotlar va xizmatlar uchun naqd pulsiz shaklda haq toʻlash, pulni saqlash va olib yurish, hamda zarur hollarda esa naqd pul yechish uchun zamonaviy qulay toʻlov vositasidir. Bank kartasi orqali doʻkonda xaridlar, hattoki internetda har qanday mahsulotlar, samolyot yoki poyezd chiptalari uchun toʻlovlarni amalga oshirish mumkin.

Odatda, kartalar banklar tomonidan chiqariladi. Bunda bank-emitent kartaning egasi oldida kartaga xizmat koʻrsatish boʻyicha majburiyatlarga ega boʻladi.

Nima uchun kartalarni ishlatish qulay va foydali?

1. Hisobvaraqni boshqarish. Karta egasi hisob raqamidan haftaning istagan kuni yoki vaqtida pul mablagʻlarini yechib olishi mumkin.

2. Xavfsizlik. Karta naqd pulning deyarli oʻrnini egallaydi va naqd pulni katta miqdorda oʻzi bilan olib yurishga hojat qolmaydi. Oʻz navbatida, pulni yoʻqotish xavfi ham kamayadi.

3. Qulaylik. Kartaning bu afzalligi, ayniqsa, chet elda karta egasining hayotini osonlashtiradi. Katta miqdorda valyuta olib yurishning hojati boʻlmaydi, chunki barcha xarajatlarni karta bilan toʻlash mumkin. Bundan tashqari, bankomatlar yordamida hisobingizdan naqd pulni yechib olish imkoniyatiga ega boʻlasiz. Bugungi kunda 200 dan ortiq mamlakat toʻlov operatsiyalarida bank kartalaridan foydalanmoqda.

4. Internet orqali xizmatlar uchun toʻlovlar/xaridlar. Internet orqali biznes jadal rivojlanmoqda. Har yili onlayn-doʻkonlar soni koʻpaymoqda hamda bank kartalarini toʻlov sifatida qabul qiluvchi boshqa xizmat turlari soni oshmoqda.

Muayyan faoliyat uchun moʻljallangan bank kartalari ham mavjud boʻlib, bular:

Debet bank kartasi – bankdagi joriy hisob raqamingizga ulangan bank kartasi. Bu karta mahsulotlar va xizmatlar uchun naqd pulsiz toʻlovlar, bankomat orqali naqd pulni yechib olish va pul oʻtkazmalarini amalga oshirish uchun ishlatish mumkin. Debet kartasiga ish haqi, pensiya, stipendiya, ijtimoiy nafaqalar, depozit boʻyicha foizlar kabi mablagʻlar oʻtkazilishi mumkin. Bugungi kunga kelib aynan bu turdagi kartalar juda mashhur hisoblanadi.

Kredit bank kartasi – bu kredit shartnomada belgilangan chegara doirasida bank mablagʻlari hisobidan toʻlov operatsiyalarini amalga oshirish imkonini beruvchi bank kartasidir.

Xalqaro kartalar – xalqaro toʻlov tizimlarida qoʻllaniladigan kartalar boʻlib, ularga Viza va MasterCard kabi toʻlov tizimlari kiradi.

Korporativ bank kartalari – xodimlarga tashkilot manfaatlari yoʻlida xaridlarni amalga oshirish va toʻlov hujjatlarni toʻlash imkonini beruvchi bank kartasi.

Kartadagi pulni firibgarlardan qanday himoya qilish mumkin?

Firibgarlar nafaqat mobil telefon va hamyonlarni sezdirmay oʻgʻirlashi, balki bank kartalaridagi pulga noqonuniy egalik qilishi ham mumkin. Kartadagi pulni ulardan himoya qilish uchun koʻplab yoʻllar va texnologiyalar ixtiro va tashkil qilingan. Firibgarning tuzogʻiga tushmaslik uchun har doim beshta muhim xavfsizlik qoidalariga rioya qilish kerak.

Birinchi qoida. Parol va kodlaringizni hech kimga aytmang 

Kartaning PIN-kodi, CVC-/CVV-kodi (Visa va MasterCard uchun kartaning old tarafidagi maxfiy kodi), amal qilish muddati va boshqa maʼlumotlarini hech kimga aytmang.

Misol uchun, agar Sizga bankning texnik qoʻllab-quvvatlash xizmatidan yoki “Bank menejeri” qoʻngʻiroq qilib kartangiz bloklanganligini aytib kartangiz maʼlumotlarini soʻrasa ehtiyot boʻlishingiz kerak. Bank xodimi hech qachon kartaga bogʻliq maʼlumotlarni soʻramaydi.

Xaridlar yoki hisobvaraq boʻyicha toʻlovni amalga oshirganingizda kartangizni sotuvchi yoki ofitsiantning qoʻliga bermang, hamda PIN-kodini ularga aytmang. Parolingizni kiritishda toʻlov terminali yoki ATM bankomatlarida klaviaturasini har doim qoʻlingiz bilan yopib turing. Bundan tashqari, nazorat kameralari Siz PIN-kodingizni terayotgan jarayonni koʻrmayotganligiga ishonch hosil qiling. Bank kartangiz va bank veb-saytidagi shaxsiy kabinetingizga kirish uchun murakkab parolni yarating. 

Ikkinchi qoida. Bank kartangizga SMS-xabarnomasini ulang

Har doim hisob operatsiyalaringizni kuzatib boring. Barcha faol kartalaringiz boʻyicha SMS-xabarnoma xizmatini ulab qoʻying. Shunda har bir karta boʻyicha amalga oshirilgan operatsiyalar haqida xabarnoma olasiz. Buning uchun Sizga xizmat koʻrsatuvchi bankomatlarda «SMS-xabarnoma»ni tanlab, mobil telefon raqamingizni kiritishingiz kerak.

Uchinchi qoida. Antiviruslardan foydalaning

Antivirus dasturini Siz foydalanadigan barcha moslamalarga — kompyuteringiz, planshetingiz va mobil telefoningizga oʻrnatish juda muhimdir. Antivirus dasturi firibgarlar pul oʻgʻirlash uchun foydalanadigan dasturlar va veb-saytlardan Sizni himoya qiladi.

Internetda funksiyalari cheklangan antivirus dasturlarining bepul versiyalarini topishingiz mumkin. Eng muhimi, ularni rasmiy ilovalar doʻkonlaridan yoki taniqli antivirus ishlab chiquvchilarning veb-saytlaridan yuklab olishdir.

Toʻrtinchi qoida. Maʼlumotni qayta tekshiring

Kartangizga bogʻliq boʻlgan muammolarni (blokirovka, toʻlovlar rad etilishi) qayta tekshiring. Buning uchun bankning ishonch telefoniga murojaat qiling. Telefon raqami har doim xizmat koʻrsatuvchi bankning rasmiy veb-saytida koʻrsatilgan.

Beshinchi qoida. Xavfsiz veb-saytlarni tanlang

Faqat tasdiqlangan veb-saytlarga kiring. Sizga SMS-xabarlar orqali yoki elektron pochtangizga nomaʼlum “xayrixoh”lardan kelgan internet havolalarga kirmang.

Veb-saytni qanday tekshirish mumkin?

  • firibgarlar taniqli rasmiy onlayn-doʻkonga oʻxshash soxta veb-sayt yaratadilar. Soxta veb-saytning nomi bir nechta harfdan tashqari deyarli rasmiy veb-sayt bilan bir xil boʻladi. Shuning uchun har doim brauzerning manzil satrini (veb-sayt manzili koʻrsatilgan qatorni) diqqat bilan tekshirishingiz kerak. Rasmiy va ishonchli veb-saytlar manzilini qoʻlda tering yoki brauzerning saqlab qolish funksiyasini ishlating;
  • veb-sayt manziliga eʼtibor bering. Xavfsiz sayt https:// bilan boshlanadi. Himoyalangan veb-sayt manzili satrning oxirida yopiq qulf belgisi boʻladi. Agar veb-sayt xavfsiz boʻlmasa, unga shaxsiy yoki kredit karta maʼlumotlarini kiritmaslik kerak.

Oltinchi qoida. Xaridlar va xizmatlar toʻlovi uchun faqat mobil qoʻllanmangizni ishlating

Xarid qilish, bank veb-saytlariga yoki bank ilovalariga kirish uchun faqat oʻzingizni shaxsiy kompyuteringiz, planshet va telefoningizdan foydalaning. Barcha mobil moslamalaringizga parollar qoʻying.

Agar bank mobil ilovasi oʻrnatilgan, SMS-xabarlari va parollari keladigan mobil telefoningizni yoʻqotsangiz, darhol Sizga xizmat koʻrsatuvchi bankka xabar bering. SMS-xabarnoma funksiyasini va raqamga bogʻlangan bank xizmatlarini oʻchirib qoʻyishingiz kerak. Sizga xizmat koʻrsatayotgan bankning rasmiy veb-saytidagi shaxsiy kabinetingizning login va parolini oʻzgartirishingiz zarur.

Xalqaro toʻlov tizimlari kartalaridan foydalanib internet orqali tovar/xizmatlarga toʻlovlarni yoki pul oʻtkazmalarni tekshiruvdan oʻtgan veb-saytlardan amalga oshirish hamda 3D-Secure tizimi bilan himoyalangan internet doʻkonlarda toʻlovlarni amalga oshirish tavsiya etiladi.

Agar Siz kartani yoʻqotsangiz uning amal qilish muddatini toʻxtatish uchun darhol kartani bergan bankka murojaat qilishingiz lozim. Shunda, yoʻqotilgan karta orqali amalga oshiriladigan har qanday operatsiyalar bloklanadi va hech kim pulingizni ishlata olmaydi. Bir necha kun ichida bank kartani qayta chiqarib beradi.

“BR_Bank” loyihasini tayyorlashda finlit.uz saytida berilgan maʼlumotlardan foydalanildi. Keyingi maqolalar aynan qaysi mavzu haqida boʻlishini xohlaysiz? Takliflaringiz boʻlsa, bu haqda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifamizning izohlarida qoldiring.

Nashr qilingan sana: 18.12.2020

O'xshash maqolalar