Texnologiya

O'qish vaqti: 7 daqiqa

Chat-botlar va mesenjerlar biznes uchun qanday foyda keltiradi?

Bugungi kunda biznes uchun ijtimoiy tarmoqlarning naqadar muhimligini barcha birdek tushunib yetmoqda. Deyarli har bir kompaniya ushbu tarmoqlarda oʻz akkauntlarini ochish va yuritishga harakat qilmoqda. Bu, ayniqsa “B2C” sektori uchun juda mos keladi, chunki ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab potensial isteʼmolchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa oʻrnatish imkoniyati mavjud. “Deloitte” xalqaro kompaniyalar tarmogʻining maʼlumotlarga koʻra, 2019-yilda ijtimoiy tarmoqlar eng mashhur Internet saytlariga aylandi. Kichik biznes subyektlari uchun ular juda qulay savdo maydonchasiga aylanib ulgurdi.

Albatta, shunchaki profil ochib qoʻyish bilan ish bitmaydi. Turli biznes muammolarini hal qilish uchun sizga taqdim etiladigan barcha imkoniyatlarni koʻrib chiqishingiz kerak. Masalan, messenjerlardagi chat-botlarga eʼtibor qarating. Ular sizga biznes jarayonlarini avtomatlashtirish va qoʻshimcha xodim uchun xarajatlarini tejashga imkon beradi.

Biznes uchun chat-bot yaratishning ikki yoʻli mavjud:

1. Dasturchi yordamida — hamma narsa professional ravishda va belgilangan texnik vazifalarga muvofiq amalga oshiriladi (agar u yuqori malakaga ega boʻlsa, albatta). Kamchiliklari: yuqori narx va ishga tushirish jarayonining sekinligi.

2. Maxsus onlayn konstruktorlar yordamida. Afzalliklari: nisbatan pastroq narx va tez ishga tushirish imkoniyati. Kamchiliklari: konstruktorda juda murakkab va noyob bot yaratish biroz qiyinroq, chunki siz uni tayyor platforma shablonlaridan yigʻasiz.

Shuni taʼkidlash kerakki, birinchi variant sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etgan holda, murakkab botlarga muhtoj boʻlgan va bu vazifani bajarish uchun katta mablagʻ ajrata oladigan yirik kompaniyalar uchun mos keladi. Kichik va oʻrta biznes uchun funksional konstruktorning oʻzi yetadi.

Botni ishga tushirishga qaror qilganingizdan soʻng malakali mutaxassis yoki jamoani jalb qiling. Yoki oʻzingiz oddiy botni yaratmoqchi boʻlsangiz, ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi maxsus konstruktorlardan foydalanin g(“Botmother”, “Chatfuel” va boshqalar). Shunday servislar borki, ular orqali krossplatformali, yaʼni turli platformalarda (Facebook messenger, Telegram va boshqalar) foydalansa boʻladigan botlarni yaratish mumkin.

Vazifalarni aniqlashtirib oling

Botni ishga tushirishdan avval qaysi biznes jarayonlarini avtomatlashtirish kerakligini aniqlab olishingiz kerak. Bot juda foydali boʻlgan mashhur yoʻnalishlar bu:

  • sotish — buyurtma berishga yordam beradi va toʻlov havolasini yuboradi;
  • tashqi qoʻllab-quvvatlash — mijozlarga standart masalalar boʻyicha maslahat berishi mumkin (buyurtma holati, mahsulot toʻgʻrisidagi qoʻshimcha maʼlumotlar, doʻkonning ish vaqti, kompaniyaning ofis manzili va boshqalar);
  • ichki qoʻllab-quvvatlash — kompaniya xodimlari uchun maʼlumotlar bazasi sifatida ishlaydi.

Qoʻllab-quvvatlash botini barcha kerakli maʼlumotlar kirgizib boʻlingandan keyin bemalol ishga tushirish mumkin. Savdo uchun moʻljallangan botlarda esa avval toʻlov tizimlarini ulash tavsiya etiladi.

Misol uchun, koʻpchilik Telegram messenjeridan buyurtma berib koʻrgan. Buyurtma amalga oshirilgandan keyin bot siz uchun qaysi usulda toʻlovni amalga oshirish qulayligini soʻraydi. Agar naqd boʻlmagan usulni tanlasangiz, bot buyurtma chekidan kelib chiqqan holda toʻlovni amalga oshirishga moʻljallangan maxsus servislarga havola yuboradi.

Oʻz botingizni yaratish uchun platforma andozalarida bot va mijoz dialoglarini rivojlantirish uchun mumkin boʻlgan ssenariylarni shakllantirish kerak. Shuni yodda tutish ham kerakki, konstruktorda yaratilgan chat-bot baʼzi kiruvchi soʻrovlarni tushunmasligi mumkin. Bunday hollarda chatga operatorlarni ulashga toʻgʻri keladi.

Qoʻshimcha imtiyozlar

Chat-botning asosiy vazifalariga qoʻshimcha ravishda siz boshqa masalalarni ham hal qilishingiz mumkin. Masalan, foydalanuvchilarga oʻz faoliyat sohangiz bilan bogʻliq qiziqarli kontent yuborib, siz abonentlar bazasini koʻpaytirishingiz va uning sodiqligini oshirishingiz mumkin. Shuningdek “individual” chegirmalar va assortimentdagi yangi mahsulotlar toʻgʻrisida ma’lumotlar yordamida savdolarni yaxshilashingiz mumkin.

Bot va mijoz oʻrtasidagi aloqa davomida toʻplangan maʼlumotlarga asoslanib, siz oʻz auditoriyangizni, uning xohish-istaklarini chuqurroq oʻrganish va tushunishga imkon beradigan statistik maʼlumotlarni toʻplashingiz mumkin. Botlar yordamida siz taklif etilayotgan tovarlar/xizmatlar mavzusiga oid bilimlarni tekshirish uchun koʻngilochar anketalar yoki testlarni oʻtkazishingiz, soʻngra foydalanuvchilarga chegirma, bonus yoki maxsus taklifni taqdim etishingiz ham mumkin.

Maslahat: chat-botni biznesga birinchi marta joriy etish bosqichida uni avval doimiy va sodiq mijozlarda sinab koʻrganingiz maʼqul. Shunday qilib, siz xato yoki kamchiliklarni aniqlab olishingiz mumkin. Siz bilan hali aloqa qilmagan potensial xaridorlar esa yomon ishlaydigan bot sababli siz haqingizda notoʻg'ri fikrga bormaydi.

Xulosa

Rossiyalik mutaxassislar quyidagi dinamikani qayd etishdi: 2018-yilga nisbatan, 2019-yilda telefon qoʻngʻiroqlari orqali 4,2 milliard daqiqaga kam muloqot qilingan. Ular bunday tendensiyani toʻxtatib boʻlmasligini taʼkidlamoqdalar, chunki suhbatlar va yozishmalar messenjer va ijtimoiy tarmoqlarga oʻtib ketmoqda. Oʻzbekistonda ham Telegram messenjerining auditoriyasi kun sayin oshib bormoqda.

Puxta yondashuv bilan chat-bot haqiqatan ham samarali vositaga aylanishi mumkin. Chunki isteʼmolchilar talabchan boʻlib bormoqda. Shu sababli oʻz biznesingizni rivojlantirish uchun doimo yangilanish, oʻrganish, tajriba oʻtkazish va yangi vositalar hamda yechimlarni taklif qilishdan toʻxtamasligingiz zarur.

 

 

 

Bekzod Bekmuhammedov.

Nashr qilingan sana: 18.06.2020