Shaxsiy rivojlanish

O'qish vaqti: 7 daqiqa

Eng kuchli olimlarni omadga yetaklagan ko’nikma – uzoq muddatli fokusni qanday rivojlantirish mumkin?

Ko'plab olimlar o'zlarining maqsadlariga erishish uchun kundan-kunga ko’proq ishlaydilar. Bu bir necha oy yoki hatto o'nlab yillar davom etishi mumkin, biroq hech kim ularga muvaffaqiyatni kafolatlay olmaydi. Ammo shunga qaramay, ushbu qiyinchiliklarni yengishga muvaffaq bo'lgan olimlar birinchi yiqilishda  ishni tashlab qo'ygan yoki tezkor g'alabalarga e'tibor qaratganlarga qaraganda ko'proq narsaga erishmoqdalar.

Biz hammamiz o'tmishdagi taniqli kashfiyotchilar va olimlardan o'rganishimiz kerak bo’lgan narsalar ko’p, chunki ularning sabr-toqati, o'zlarini rag'batlantira olishlari va intizomi ko’plab zafarlarning kaliti hisoblangan.

Shu o’rinda savol tug’iladi, qanday qilib XXI asrda texnologiyalarga chalg'imasdan, uzoq muddatli maqsadlarga erishishni o'rganish kerak? Ushbu maqolada mazkur savolga javob berishga harakat qilamiz.

 

Fokus nima?

Fokus – bu sizning e'tiboringiz va kuchingizni ma'lum bir vazifaga, obyekt yoki faoliyatga uzoq vaqt davomida yo'naltirish qobiliyati hisoblanadi.

Qisqa muddatli maqsadlarga e'tibor qaratish biz uchun osonroq bo'ladi, chunki biz o'z ishimizning natijalarini darhol ko'ramiz, bu yuqori darajadagi motivatsiyani saqlashga yordam beradi. Uzoq muddatli maqsadlar bilan hamma narsa ancha murakkab: siz bir necha oy va hatto yillar davomida o'zingizni motivatsiya qilishni o'rganishingiz kerak. Dastlabki bosqichda rivojlanish oson emas, shuning uchun bizni qisqa muddatli maqsadlar tez-tez o’ziga tortadi.

Uzoq muddatli loyihalarga e’tibor qaratgan odamlar  ajoyib yutuqlarga erishganlar. Bu fokus har qanday kasb uchun, masalan, yozuvchilar, menejerlar, va olimlar uchun ham muhimdir.

 

Uzoq muddatli fokusni qanday rivojlantirish mumkin?

Quyidagi strategiyalardan foydalaning:

1. O’zingiz uchun muhim maqsadlarni aniqlang

Uzoq muddatli maqsadlarga erishish uchun bir necha yil kerak bo'ladi. Shu vaqt ichida g'ayratli bo'lishingizni tasavvur qila olasizmi? Shuning uchun maqsadlaringizni qadriyatlar va orzular bilan uyg'unlashtirish juda muhimdir.

Hayotingizning turli sohalarida bir nechta maqsadlarni qo'ying, bular – martaba, oila, moliya va ta'lim bo’lishi mumkin. Endi ularni batafsilroq ko'rib chiqing. Ular haqida o'ylaganingizda yoqimli hayajonni his qilyapsizmi? Bir necha oy yoki yillar davomida ushbu faoliyat bilan shug'ullanasizmi? Agar yo'q bo'lsa, ushbu maqsadlar ro'yxatini biroz vaqtga o'chirib qo'ying va boshqalar haqida o'ylang. Ko'proq  narsaga erishmoqchi bo'lgan maqsadlaringizni kamida uchta qiling.

2. Ularni yozing

Maqsadlaringizni yozganingizda, ular haqida o'ylay boshlaysiz va ular mavhumlikdan haqiqiy narsalarga aylanadi. Ularni muntazam ravishda ko'rib chiqing va aniq joyga osib qo'ying. Siz har kuni ular haqida o'ylash uchun mobil telefoningizga eslatmalar qo'yishingiz mumkin. Maqsadning nomi yonida nima uchun bunga erishmoqchi ekanligingiz haqida qisqacha tushuntirishni unutmang.

3. O'z-o'zingizni regulyatsiya qilishni kuchaytiring

Tadqiqotchilar Tomas Beytmen va Bryus Barri regulyatsiya (his-tuyg'ularni boshqarish qobiliyati) uzoq muddatli maqsadlarga erishishda eng muhim omil ekanligini ta'kidladilar.

O'zingizda bu mahoratni shakllantirish uchun o'zingizni tarbiyalashingiz kerak. Bu sizga oldinga siljish va bosim bilan ishlamaslikka yordam beradigan xususiyatdir. Maqsadni his qilishni to'xtatib, taslim bo'lishni istagan paytlaringiz ko'p bo'ladi. Va bu o'zingizning intizomingiz, qiyinchiliklarga qaramay oldinga siljishga yordam beradi.

Shuningdek, o'zingizga bo'lgan ishonchni rivojlantirishingiz kerak. Ushbu sifat yordamida siz ishtiyoq va kuch bilan masalani hal qilasiz.

4. Vaqtni va o'zingizni boshqarishni o'rganing

Agar siz uzoq muddatli maqsadlar ustida ishlayotgan bo'lsangiz, unda qisqa muddatli maqsadlar haqida nima deyish mumkin? Buning uchun vaqtni boshqarishni o’rganib olish kerak. Bu qaysi davr uchun muhimroq ekanligini aniqlashga yordam beradi.

Maqsadingizni yaqinlashtirishga yordam beradigan yaxshi odatlarni rivojlantiring. Masalan, har kuni barvaqt uyg'onishni boshlang, oyiga o'nta biznes kitoblarni o'qing, sport bilan shug'ullaning. Shuningdek, siz yomon odatlardan, masalan, televizor tomosha qilish yoki internetda befoyda o'tirishdan xalos bo'lishingiz kerak.

Bezovta qiluvchilardan qoching va chalg'itadigan narsani unutmang.

5. Yarim yo’ldan ortga qaytmang

Siz o'z maqsadingizga qarab harakat qilishni boshladingiz va bir necha hafta o'tgach, siz diqqatni yo'qotganingizni his qildingiz va umuman boshqa vazifa ustida ishlay boshladingiz…  Bunga yo'l qo'ymaslik uchun, aqlga kelgan barcha fikrlarni yozing, lekin ular ustida ishlashni boshlamang. Bir muncha vaqt o'tgach, ular sizga kerak emasligini anglaysiz yoki ularni uzoq muddatli maqsadingizga qo'shishingiz mumkin.

Ijobiy bo'ling va qiyin paytlarda ham ko'nglingizni buzmang.

6. Jarayonni aniqlang

Har kuni oraliq maqsadlarga erishishingizga ishonch hosil qiling. Bu 10 ta yozma sahifa yoki kitobni 100 bet o'qish bo'lishi mumkin. Agar shunday qilmasangiz, unda bir necha kundan keyin siz motivatsiyani va davom etish istagini yo'qotasiz.

Katta maqsadlarga erishayotganda, o'zingizni bir stakan kofe bilan mukofotlang yoki kinoga boring. Kattaroq maqsadga erishganingizda bu ko’nikmalar sizga albatta yordam berganini his qilasiz.

Har doim kayfiyatingizni saqlab turishni unutmang.

 

Omad!

Kamoliddin Abdullayev tarjimasi

Nashr qilingan sana: 01.08.2020