Moliya

O'qish vaqti: 6 daqiqa

Foyda muhimmi yoki daromad? Korxonaning foydasini formulalar orqali aniqlash

Sof foyda va daromad tushunchalarini farqlash muhimdir. Agar daromad ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha pul tushumlari hisoblansa, sof foyda — bu barcha xarajatlar chegirib tashlanganidan keyingi olingan miqdordir. Bu bilan sof foydani daromadning tarkibiy qismlaridan biri deb ayta olamiz.

Sof foyda – bu korxona balansidagi barcha xarajatlar: ishlab chiqarish, soliq, xodimlarning ish haqi va to‘lovlar qoplaganidan keyingi ortib qolgan daromad. Oddiy qilib aytganda, bu kompaniyaning mahsulot sotishdan tushgan tushumi va ishlab chiqarish tannarxi o‘rtasidagi farqdir.

Sof foyda korxonaning samarali ishlashini aks ettiruvchi eng muhim ko‘rsatkichdir, ya'ni u rentabellikni belgilaydi. Ushbu ko‘rsatkichning oshishi kompaniyaning yanada rivojlanib, ​​samarali ishlayotganligini, pasayishi esa boshqaruv qarorlarining samarasizligidan dalolat beradi.

Sof daromad biznesning rentabelligini aks ettiradi. U biznes qanchalik samarali ekanligini ko‘rsatadi. Ma'lum bir biznesni “davom ettirishga arziydimi yoki yo‘qmi, uni yopish yaxshiroqmi?”kabi savollariga fakt bilan javob beradi.

Sof operatsion foyda

Sof operatsion foyda – soliqdan keyingi yoki barcha soliqlarni chegirib tashlanganidan keyingi daromad hisoblanadi. Ushbu ko‘rsatkich ishlab chiqarish tannarxini kamaytirish va barcha soliqlarni to‘lagandan keyin qoladigan naqd pul miqdorini aniqlashga imkon beradi.

Sof operatsion foyda quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadi:

NOPLAT = EBIT - DS + (TF x (1-t)),

Qayerda

  • EBIT — soliq va foizlar to‘lovigacha bo‘lgan foyda;
  • DS — daromad solig‘i;
  • TF — to‘langan foizlar;
  • t — daromad solig‘i stavkasi.

Korxonaning sof foydasi

Korxonaning sof foydasi uning faoliyati samaradorligi va daromadliligining muhim ko‘rsatkichlaridan biridir. Bu kompaniya biznesni qanchalik to‘g‘ri olib borishini, mavjud aktivlarni tasarruf etishi, uning o‘sishi qanchalik tez va barqarorligi va investorlar uchun jozibadorligini oshirishini aks ettiradi.


Sof foyda olingandan keyin to‘rt yo‘l bilan foydalanish mumkin:

1. Keyingi ishlab chiqarish yoki uning hajmini oshirish uchun taxminiy xarajatlarga

2. Korxona jamg‘armasiga (ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, ijtimoiy rivojlanish fondi, zaxira fondi).

3. Iste'mol fondiga (ishchilarga beriladigan mukofotlar, mehnat sharoitlarini yaxshilash).

4. Aksiyadorlarga dividend to‘lashga.

Sof foyda hisoblashda e'tiborga olish kerak bo‘lgan boshqa jihatlar:

  • Hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun siz foyda va zarar to‘g‘risida hujjatlardan ma'lumotlarni olishingiz kerak;
  • Sof daromad odatda oyiga bir marta (odatda oy oxirida) hisoblanadi;
  • Sof foyda hisobini maxsus dasturlar yordamida avtomatlashtirish mumkin;
  • Sof foydani hisoblash oxirida barcha soliq va to‘lovlar uchun alohida mablag‘ ajratib qo‘yishni unutmasligingiz kerak.
  • Korxonaning sof foydasini belgilash uchun alohida hujjat, masalan, Microsoft Excel har oy oxirida to‘ldirish kerak. U har qanday hisobot davri (oy, chorak, yil) uchun tuzilishi mumkin.

Nimani bilishingiz kerak?

Sof foyda hisoblashda asosiy qiyinchiliklar buxgalteriya, soliq va boshqaruv hisobi kabi kompaniyaning turli moliyaviy hujjatlaridagi daromadlar va xarajatlarni hisobga olishda yuzaga keladi. Asosiy muammo bu – chalkashlik yuzaga kelishidir. Odatda buxgalteriya hisobi barcha xarajatlarni hisobga olmaydi. Soliqlarning buxgalteriya hisobi, favquloddagi chiqimlar va xususiy tadbirkorning shaxsiy mablag‘lari uchun qoplanadigan chiqimlarini hisobga olinmaydi. Bu masalan, to‘langan jarimalar va xizmat safari ko‘rinishida ham o‘tib ketib qoladi. Bundan tashqari, xodimlarga beriladigan bonuslar, ta'til, kutilmagan qarzlar ham xisob-kitobdan tushib qoladi.

Umumiy qilib aytganda, buxgalteriya va soliq hisobidagi daromad, xarajat va zaxiralarni hisoblashdagi yondashuvning farqi tufayli sof foydaning yakuniy ko‘rsatkichi har xil bo‘lib ketadi.

Kamoliddin Abdullayev tarjimasi

Nashr qilingan sana: 06.11.2020