Maqolalar

O'qish vaqti: 12 daqiqa

Hindistonlik kambagʻalparvar milliarder – Mukesh Ambanining muvaffaqiyat yoʻli

Reliance  (“Reliance Industries”) — dunyoning eng yirik kompaniyalari orasida hozircha kuchli yuzlikka kiradi, oldingi yillardagi kompaniya daromadi 4,6 milliard dollarni tashkil qilgan, sotuvlar hajmi esa — 50,9 milliard dollardan oshgan. U neft-gaz sektorining asosiy oʻyinchisi, dunyoning eng yirik neftni qayta ishlovchi zavodlari unga tegishli. Biroq u shuningdek, sogʻliqni saqlash, toʻqimachilik sanoati va telekommunikatsiya sohalarida ham oʻz boʻlimlariga ega Hindistonning eng yirik reteyleridir. Uning  "Network18" shoʻba korxonasi CNBC, CNN, MTV va Nickelodeon (televideniye), Paramount Pictures (kino) va "Forbes" (matbuot) kabi Gʻarb brendlari bilan hamkorlik qiladi.

Shunday boʻlsada, koʻpchilikni hozirgi kunda Ambanini Jio (“Reliance Jio Infocomm”)ga kiritilgan 33 milliard dollarlik investitsiya koʻproq qiziqtirmoqda. Jio — bir yarim yil ichida 160 million mijozni jalb qila olgan keng tarmoqli 4G-internetni taqdim etuvchi servis. Jio mijozlarining yarmidan koʻpi ilk yarim yilda, yaʼni Reliance sotuvlarni ragʻbatlantirish maqsadida servisdan bepul foydalanishni taklif qilganida qoʻshilgan. Ular servisda qolishdi, chunki Jio mamlakat ichidagi qoʻngʻiroqlar uchun pul olmaslikka vaʼda berdi va oʻta past tariflarni taklif qildi. Mijozlar bazasining shiddat bilan oʻsishi aksiyalarning 2017-yilda 70 foizga qimmatlashishiga olib keldi va Ambanining moliyaviy holatiga 16,9 milliard  dollar qoʻshdi. Tahlilchilar bunga “Jio effekti” deya nom berishdi.

Mukesh Ambani Hindistondan tashqarida koʻproq dunyodagi eng qimmat xususiy uy — Mumbay janubidagi 27 qavatli (shiftlarning balandligi tufayli bino 60 qavatdek koʻrinadi) osmonoʻpar bino egasi sifatida mashhur. Uy 1 milliard dollarga baholanadi. Ambani u yerda turmush oʻrtogʻi Nita bilan birga sport, moda va shou-biznes yulduzlari uchun qabullar tashkil qiladi. Mukesh Ambani uyi haqidagi savollarga “Mening baʼzilarga oʻxshab butun dunyo boʻylab 30-40 ta uyim emas, atigi bir uyim bor”, deya javob beradi.

Kompaniyaning tarixi nimadan boshlangan?

Ambani va ukasi Anil oʻzaro ahil emas. Hatto Reliance oilasi kuni sharafiga uyushtirilgan bayramga Anilni taklif qilishmay qoʻyishgan. Albatta, buning oʻziga yarasha sabablari ham mavjud…

Ularning otasi Dxirubxay nochor oilada dunyoga kelgan. Dxirubxay maktabdagi oʻqishini erta tashlab, oilasiga yordam berishga kirishgan. Hindistonga qaytgach, ukalari bilan birga Mumbaydagi 50 kv. metrli kichik ofisda ziravorlar bilan savdo qiluvchi biznesni yoʻlga qoʻygan. Keyinroq, 1960-yillarda aka-ukalar ipga qiziqib qolishdi va poliesterni import qila boshlashdi.

1966-yilga kelib ular Gujarat shtatida sintetik matolarni ishlab chiqaruvchi birinchi fabrikani qurdirdi. Biroq 1977-yilda Hindistonning milliylashtirilgan banklari uning kompaniyasi kengayishini moliyalashtirishni rad etishdi va Relianceʼni birjaga olib chiqdi. Aksiyalar Hindistonning oʻrta qatlami orasida joylashtirildi va talab taklifdan ancha oshib ketdi. Asosan kichik shaharlarda yashovchi, tavakkal qilgan oʻsha 58 ming hindistonlik oʻz tanlovidan afsuslanmadi. Keyingi yillarda aksiyalar sezilarli darajada oʻsdi, Dxirubxaylar oilasining moliyaviy holati esa neft-kimyo sohasini oʻzlashtirish barobarida oshib boraverdi va oxir-oqibat 6,6 milliard dollarga yetdi.

“Otam Hindiston global bozor ishtirokchisi boʻlishi mumkinligini oldindan koʻra bilgan va doim uning miqyosini kengaytirish haqida oʻylagan. Bu Reliance DNKʻsiga kirgan”, — deydi Ambani.

1986-yilda Dxirubxay insultni boshdan kechirganida Mukesh va Anilning zimmasiga katta masʼuliyat tushdi. Aka-ukalar oʻzaro juda yaqin boʻlishgan. Ular kuni boʻyi yelkama-yelka turib ishlashgan, ularning turmush oʻrtoqlari va farzandlari esa oilaga tegishli 14 qavatli binoning turli qavatlarida yashashgan. 2002-yilda Dxirubay ikkinchi insult natijasida hayotdan koʻz yumganida RelianceHindistondagi eng yirik va ehtimol, eng nufuzli kompaniyaga aylandi.

Dxirubxay oʻlimi oldidan aholining keng qatlami uchun arzon mobil servisini yaratishni rejalashtirib yurgandi. Uyali telefonlar boylarning oʻyinchogʻi boʻlgan bir vaqtda mobil aloqa tariflari yuqori boʻlgan. Otasining orzusidan ilhomlangan oʻgʻillar mobil kommunikatsiyalar bilan shugʻullana boshlashdi. “Baʼzilar tavakkal qilishga koʻproq moyil boʻlishadi, tavakkalsiz yashash zerikarli”, — deydi Mukesh.

Aka-ukalarning nizolari

2002-yilda Reliance diskont telekommunikatsion servisni ishga tushirdi va mobil aloqaga tariflar narxini daqiqasiga 32 sentdan 2 sentgacha pasaytirishga erishib, bozorni “silkitdi”. Muvaffaqiyatning aks taʼsiri — aka-ukalar kompaniya ustidan nazoratni qoʻlga kiritish uchun kurasha boshlashdi. Ambaniga yaqin manbaga koʻra, raqobat otaning oʻlimidan ancha oldin boshlangan. Koʻpchilik 2002-yilda telekom-servisni ishga tushirish marosimida Anilning yoʻqligini sezdi, bu oiladagi kelishmovchiliklarga birinchi ishora edi.

Dxirubxay vasiyat qilishga ulgurmay hayotdan koʻz yumdi, biroq oila tartib-qoidalariga koʻra, Reliance direktorlar kengashini kim boshqarsa, toʻliq nazorat oʻsha insonda boʻladi deb hisoblangan. Rais oʻrinbosari boʻlgan Anil bunga rozi boʻlmagan, u kattaroq taʼsir doirasiga ega boʻlishni istagan. Bundan tashqari, Anil Bollivudning aktrisalaridan biriga uylanishga qaror qilganida otasi u bilan xafalashib qolgan, otasi u qizni oʻgʻliga munosib deb bilmagan, Mukeshning turmush oʻrtogʻini esa otasi tanlab bergan. Anil akasiga nisbatan muomalaga ustaroq boʻlgan, u kompaniyaning moliyaviy ishlari bilan shugʻullangan va bankirlar, sarmoyachilar hamda jurnalistlar oldida Reliance nomidan chiqishlar qilgan. Shu bilan birga, u onasiga yaqinroq boʻlgan.

Aka-ukaning ayollari oʻzaro chiqishmasligi vaziyatni yana-da keskinlashtirdi, biroq oxir-oqibat ularning onasi Kokilabin oʻgʻillarini yarashtirishga muvaffaq boʻldi, 2005-yilda oilaning moliyaviy vositalari taqsimlandi. Mukesh oila biznesining katta qismiga – asosiy neft-gaz biznesi "Reliance Industries"ga ega boʻldi. Anil esa nisbatan yangi boʻlimlar – telekom, moliyaviy xizmatlar va elektr energiya ishlab chiqarishga doir boʻlimlarni qoʻlga kiritdi.

Moliyaviy inqiroz oilaviy mojaroga taʼsir koʻrsatdi. Aka-ukalarning yarashuvi faqat qogʻozlarda boʻlgani ayon boʻldi. 2008-yilda Anil oʻz telekommunikatsion kompaniyasini Janubiy Afrikaning MTN kompaniyasi bilan birlashtirmoqchi boʻlganida Mukesh tinchlik kelishuviga asoslanib, bitimga toʻsqinlik qildi. 2009-yilda Anilning kompaniyasi aksiyalari narxi tushib, uning moliyaviy holatini 32 milliard dollarga kamaytirdi. Yuridik hisob-kitoblardan bir yil oʻtib, aka-ukalar raqobat qilmaslik haqidagi kelishuvni buzishdi.

Kutilmaganda Mukesh telekomga qaytish imkoniga ega boʻldi.

U hammasini boshidan boshladi: 2010-yilda maxfiy ravishda faqat keng qamrovli internet taqdim etishga izn beruvchi litsenziyaga ega kichik kompaniyani sotib oldi. U bu biznesni shiddat bilan kengaytira boshladi va umummilliy tarmoqni tezroq yaratish uchun Relianceʼning qurilish, qonunchilikni tartibga keltirish va loyihalarni amalga oshirish boʻyicha ekspertlarini jalb qildi.

Jio servisi juda arzon, tez va (Hindistonning maydonini inobatga olganda) eng asosiysi, mamlakatning 95 foiz hududida ishlaydigan servis boʻlgan. Bu qadar faol boʻlmagan oʻyinchilar bozorda arang jon saqlashardi. "Telenor"  va "Tata Group" oʻzlarining simsiz internetni taqdim etuvchi boʻlimlarini telekommunikatsiya magnati "Sunil Mittalʻs Bharti Airtel"  kompaniyasiga sotishdi. Milliarder Kumar Birlaga qarashli sobiq raqiblar Vodafone India va Idea Cellular hujumga qarshi turish uchun birlashishga rozi boʻlishdi. Mukesh ukasini “yerga urish” uchun Anilning telekommunikatsion biznesi “qoldiqlari”ni 3 milliarddan ortiqroqqa sotib oldi (qachonlardir u 43 milliard dollarga baholangan edi).

Jio kompaniyasi va xulosa

Jio tufayli Hindiston mobil trafigi 1 milliard Gigabaytdan 28 milliardgacha koʻtarildi. Maʼlumotlar isteʼmoli hajmi boʻyicha Hindiston Xitoy va AQSHni ortda qoldirdi.

Ambanining rejalari ulkan edi, bu maʼlumotlarning bari uning mamlakatini qayta qurishga va qashshoqlikdan chiqarishga yordam berishi kerak ekan. Ambani Jio hind taʼlim tizimini isloh qilishda muhim rol oʻynashi kerak, deb hisoblaydi. U provayder bir yil davomida Hindiston kollejlarida taʼlim oluvchi 35 million talabaga internetga kirish imkonini taqdim etishiga umid qilgan. Shu bilan birga, u mamlakatning eng chekka burchaklariga, har bir qishloqqa ham internet yetkazishni maqsad qilgandi.

Shunday boʻlsada, Jioʻning asosiy ustuvorligi — narxlarning arzonligida. Bu moliyaviy jihatdan unga qarshi ishlaydi. Kompaniya ishlari yurishishi uchun Jio koʻplab yangi abonentlarni jalb qilishi, keyin esa ularni Jio Cinema (6000 film) va Jio Music (16 mln qoʻshiq) kabi ilovalar orqali katta trafik isteʼmoliga oʻrgatishdir.

Ambanini iqtisodiy tomon u qadar tashvishga solmagan, u uzoq vaqtga investitsiya qilmoqchi. U oʻzining uch nafar farzandini biznesni boshqarishga oʻrgatmoqda. “Hozir menga hamma ishni nazorat qilish va unga aralashmaslik xush kelmoqda”, — deydi u. 

Mukesh Ambani joriy yili dunyo boylari roʻyxatining beshinchi oʻrniga koʻtarilib oldi. Hozirda Ambanining umumiy boyligi 77,4 milliard AQSH dollarini tashkil qilmoqda. 25-iyulda Ambanining boyligi yana 3.5 milliardga koʻpaydi va bu bilan u Mark Sukerbergga yaqinlashib oldi. Bu oʻsish 63 yoshli Ambanining soʻnggi muvaffaqiyatlaridan boʻlib, uning boyligi 2020-yilning boshidan beri 22.3 milliardga koʻpaygan.

Mukesh Ambani millionlab oddiy hindistonliklarga yuqori tezlikdagi internetni taqdim etgan va ular uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochgan inson sifatida tarixga muhrlandi.

Kamoliddin Abdullayev tarjimasi

Nashr qilingan sana: 17.10.2020