Moliya

O'qish vaqti: 13 daqiqa

Inqiroz davridagi milliardlar

Pandemiya paytida kimlar foyda olmoqda?

 

Jahon iqtisodiyoti koronavirus epidemiyasi tufayli inqirozga yuz tutdi. Ammo shunday qaltis paytda ham milliardlab foyda olayotgan kompaniyalar yo'q emas va hattoki ular soni ancha-munchani tashkil etadi.

2020-yilning boshida Xitoydan boshlanib, butun dunyoni qamrab olgan koronavirus pandemiyasi  2008-yilgi inqirozdan ham oshib tushdi. Iqtisodiy qulash tufayli o‘z ishlaridan va daromad manbayidan ayrilgan aholining kam taʼminlangan va o‘rta qatlamlari, kichik va o‘rta biznes vakillari ziyon ko‘rishdi. Shu bilan birga sayyoramizning badavlat insonlari ham yirik moliyaviy yo‘qotishlarga duch kelishdi. Biroq oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘. Kurrayi zaminning asosiy qismi ishsizlik natijasida uyda o‘tirib, iqtisodiyot inqirozga yuz tutishini kuzatayotgan bo‘lsa, baʼzilar bundan yaxshigina daromad ko‘rishmoqda.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi iqtisodiy faoliyatning tezkor ravishda susayishi dunyoni retsessiya tomon yetaklaganligini qayd etdi. “JPMorgan Chase” iqtisodchilari yuzaga kelgan inqiroz Buyuk turg‘unlik davrlaridan buyon eng kuchlisi bo‘lib, bu yaqin ikki yil ichida global YAIM 5,5 trln dollarga pasayishiga olib kelishini taxmin qilishdi. “Saxo Bank” esa 2020-yilni butkul yo‘qotilgan yil, deya eʼtirof etdi. Shunga qaramay, baʼzi sohalar inqiroz sharoitida nafaqat yo‘qotishlarni bartaraf etishdi, balki moliyaviy bozorning yangi talablariga moslashib milliardlab foyda ko‘rishmoqda.

Zoom

Koronavirus inqirozi paytida muvaffaqiyatga erishganlar orasida videokonferensiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar va ulardan, ayniqsa, Zoom'ning faoliyati eʼtiborli. Bu xizmat bir vaqtning o‘zida ko‘p kishiga video orqali muloqot qilish imkonini beradi, bu esa o‘z navbatida masofadan turib ishlashga ommaviy o‘tish sharoitida biznes hamda o‘quv maskanlari uchun qulaydir. Aksariyat insonlarga karantin davrida bunday xizmatlar kichik miqdorda bo‘lsa-da, foyda olish imkonini beradi. Bunga mikrobiznes vakillarini va o‘z-o‘zini band etganlar – ruhshunoslar, ekskursiyachilar, notiqlar va yoga o‘qituvchilarini misol qilib keltirish mumkin.

Koronavirus avj olgan kunlarda bu dasturni yuklab olish soni kompaniya aksiyalari narxi singari ikki barobardan ko‘proqqa oshdi. Yanvar oyida Zoom qimmatbaho qog‘ozlari 68  dollar atrofida baholangan bo‘lsa, aprel oyida kompaniya aksiyalari rekord daraja - 169 dollarga yetdi. Zoom'ga bo‘lgan talab uning asoschisi Erik Yuanni sayyoramizning eng badavlat insonlari qatoriga qo‘shilishini taʼminladi. 2020-yilda biznesmen “Forbes” jurnali tomonidan jahonning eng badavlat insonlari anʼanaviy reytingiga kiritilishiga zamin yaratdi. 15-may sanasiga ko‘ra uning moliyaviy holati 8 mlrd dollarni tashkil etdi.

Zoom koronavirus sabab mustahkam oyoqqa turgan yagona xizmat emas. Pandemiya  sharoitida Slack korporativ messenjeri ham ommaviylashib bormoqda. Bu videoaloqa xizmatini omma eʼtiboriga havola etadigan messenjer. Mart oyi o‘rtalarida dunyo moliyaviy bozorining qulashi Slack aksiyalarini ham tushirib yubordi, biroq oy oxiriga kelib kompaniya buni to‘xtatishga erishdi. May oyida esa Slack qimmatbaho qog‘ozlari yil davomida maksimum o‘sishga erishdi va 15- mayga kelib 31,5 dollarga yetdi, bu 1-yanvarga nisbatan 30 foizga qimmatlashganini anglatdi.

Netflix

Pandemiya ijobiy taʼsir qilgan yana bir soha onlayn o‘yinlar sanoati bo‘ldi. Karantin choralari eʼlon qilingach, odamlar kino va seriallar ko‘rish, musiqa eshitish va onlayn video o‘yinlar o‘ynash imkoniyatini beruvchi xizmatlardan faolroq foydalana boshlashdi. Ularning orasida, ayniqsa, Netflix va YouTube yanada yuqori o‘rinlarga ko‘tarilishdi. Foydalanuvchilar oqimi shu darajada keng ediki, natijada ushbu kompaniyalar aksiyalari keskin ko‘tarilib ketdi. Neftflix mart oyidagi pasayishdan tezda o‘ziga keldi va mayning o‘rtalarida yil boshiga nisbatan 35 foiz o'sishni qayd etdi.

Shuningdek, videoxizmatlar bilan birga kompyuter o‘yinlari ham  yuksalish  davrini kechirmoqda. “Verizon” kompaniyasi maʼlumotlari bo‘yicha, mart oyida o‘yin platformalaridagi trafik 75 foizga oshib ketdi. Taqqoslash uchun, haftalik film tomoshasi koronavirusgacha bo‘lgan davrga nisbatan 32 foizga, video ko‘rish esa 36 foizga oshgan. 2020-yilning dastlabki kvartali yakunlari bo‘yicha amerikaliklarning video o‘yinlarga pul sarfi deyarli 11 mlrd dollarga yoki 2019- yilning shu davriga nisbatan 9 foizga oshgan.

Pandemiya davrida kompyuter o‘yinlari faqat ko‘ngilochar vosita turi emasligi maʼlum bo‘ldi. Aprel oyi boshida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kutilmaganda video o‘yinlar karantin sharoitida virus tarqalishining oldini olish va odamlarning uyda qolishlari uchun samarali vosita ekanligini taʼkidladi. Nega kutilmaganda deyapmiz, chunki bundan bir yil avval tashkilot insonning video o‘yinlarga bog‘lanib qolishini “xastalik” degandi. Biroq 2020-yilda JSST video o‘yinlar sanoatida yetakchi ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda #PlayApartTogether (#Masofadan o‘ynang) kampaniyasini eʼlon qildi. Bu harakatga qo‘shilgan video o‘yinlar asoschilari o‘rtasida “Activision Blizzard” ham bor. Mart oyida kompaniya talabning pasayishi natijasida bir necha milliardlarni yo‘qotgan edi, biroq uning aksiyalari tezda o‘sish yo‘liga tushib oldi. Hozirgi kunda uning aksiyalari deyarli 73,18 dollarga baholangan, umumiy kapital aylanmasi esa 56,3 mlrd dollarni tashkil etmoqda.

Gilead Science

Farmatsevtika kompaniyalari ham yuksalish pillapoyalariga ko‘tarilayotganlar toifasiga kiradi. Har qanday epidemiyalar davrida kasallikka qarshi samarali dori vositalarini yaratish birinchi raqamli mavzuga aylanadi. Shu sababli inqirozlar bu sohadagi ishlab chiqaruvchilar taraqqiyotini jadallashtiradi. Misol uchun, koronavirusga qarshi samaradorligini aniqlash maqsadida Remdesivir preparatini sinovdan o‘tkazgan “Gilead Science” farmatsevtika kompaniyasi aksiyalari yanvar oyidagi 65 dollardan 77 dollarga ko‘tarildi. Aprel oyida mazkur preparat koronavirusga chalingan ahvoli og'ir bemorlarga samarali taʼsir ko‘rsatganligi maʼlum bo‘lgach, kompaniya qimmatbaho qog‘ozlari qisqa davr ichida 84 dollarga yetdi.

“Gilead Science” raqobatchilari aksiyalari ham o‘sishda davom etmoqda. Aprel oyi boshida o‘z preparati sinovlarini boshlagan “Inovio Pharmaceuticals” kompaniyasi qimmatbaho qog‘ozlari 300 foizga oshdi. COVID-19'ga qarshi dori vositasi yaratish ishlarini boshlab yuborgan “Moderna” aksiyalari esa yanvar oyiga nisbatan 250 foizga ko‘tarildi.

AQSH va Germaniyada koronavirusga qarshi vaksinalarni insonlarda sinab ko'rishni boshlagan farmatsevtik gigantlar  - “Pfizer” va “BioNTech”da ham yuksalish davri kuzatilmoqda. Amerika kompaniyasining aksiyalari mart oyidagi qulashdan so‘ng to‘liq tiklanish yo‘lida borayotgan bo‘lsa, germaniyaliklar yil boshiga qaraganda 25 foiz yuqoriroq ko‘rsatkichda savdolashmoqda.

Clorox

Koronavirus sharoitida biotexnologiya kompaniyalari va internet-riteylerlar ham rivojlanyapti. Kundalik ehtiyoj mahsulotlariga talabning keskin oshishi natijasida dezinfeksiya va himoya vositalari savdo bozori ham chaqqonlashdi.  Bunda, ayniqsa, Amerikaning dezinfeksiyalovchi salfetkalar va tozalash vositalari ishlab chiqaruvchisi - “Clorox” kompaniyasi faollik ko‘rsatmoqda. Boz ustiga, koronavirus mazkur korxonani inqirozdan saqlab qoldi deyish mumkin: epidemiyadan bir necha yil oldin uning moliyaviy ahvoli raqobatchilarning yuqori bosimi natijasida juda achinarli ko‘rinishga kelgan edi. Ammo pandemiya davrida “Clorox” aksiyalari so‘nggi 50 yil ichidagi maksimal nuqtasiga yetdi.

Amazon

Shuningdek, internet-riteylerlari ham koronavirusdan kelib chiqqan inqiroz davrini o‘z hisoblariga yozib qo‘yishlari mumkin. Xususan, pandemiya paytida “Amazon” kompaniyasiga omad kulib boqdi. Bolalar o‘yinchoqlaridan tortib kundalik ehtiyoj mollarigacha bo‘lgan turli tovarlarni uyga yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi riteylerning savdo hajmi yuqori darajada oshib ketdi. Onlayn-savdoning ushbu yetakchisi internet-buyurtmalar hajmi oshganligi sababli yangi xodimlarni ishga olishiga to‘g‘ri kelayapti. Kompaniya mart oyidayoq 100 mingta yangi vakansiyalar ochilganligini eʼlon qilgan – asosan omborxona ishchilari va kuryerlarga ehtiyoj oshgandi. Qolaversa, yuqori bandlik darajasi sababli xodimlarning alohida guruhlarining ish haqlari ko‘tarildi.

“Amazon”ning bu muvaffaqiyati sabab Jeff Bezos bu safar ham sayyoramizning eng badavlat insoni deya tan olindi. Bezos inqirozni yo‘qotishlarsiz o‘tkazish barobarida yangi muvaffaqiyatlarga ham erishdi. Hozirgi kunda u umumiy boyligi 100 mlrd dollardan oshgan sanoqli ishbilarmonlardan biri hisoblanadi. “Forbes”ga ko'ra, Bezosning shaxsiy kapitali 143,7 mlrd dollarga yetdi. Uning taʼqibchilari — Microsoft asoschisi Bill Geyts va Yevropaning eng badavlat insoni - Bernar Arno endilikda Bezosdan ancha ortda qolishmoqda.

Texnologiya kompaniyalarining ravnaqi jahon iqtisodiyotining realdan virtual tarzga o‘tishiga kuchli turtki berdi. 2020-yil  butun dunyo bo‘ylab isteʼmolchilar odatlari va biznes amaliyotini to‘liq o‘zgartirib yuborganligi aniq. Sarhadlarning yopilishi natijasida global yetkazib berish zanjirlarining uzilishi kompaniyalarni qayerdan sotib olishlari va kimlarga sotayotganliklari borasida jiddiy o‘ylab ko'rishga majbur qildi. Masofaviy ishlash bo‘yicha global tajriba barcha ishchi-xodimlar va talabalar ahliga o‘ziga xos sinov bo‘ldi va bu koronavirusdan keyingi olamda biznes va ilm-fan sohasida yangi amaliyot hamda samarali faoliyat olib borish imkonini beradi. Keng ko‘lamli bu siljish qanchalik foydaliligi va inqiroz davrida ko‘tarilgan kompaniyalar uzoq muddatli istiqbolda bozor yulduziga aylanishi hozircha nomaʼlum. Biroq ishonch bilan aytish mumkinki, koronavirus sayyoramizning iqtisodiy manzarasini butunlay o‘zgartirib yubordi.

Manba: Forbes.uz

Omina Sharipova tarjimasi

Nashr qilingan sana: 30.06.2020