Marketing

O'qish vaqti: 7 daqiqa

Instagram sovgʻali oʻyinlari (Giveaway) — samarali strategiya yoki pulni behuda sarflashmi?

Instagramʻda obunachilarni jalb qilmoqchimisiz? Reklama va turli xil sovgʻali tanlovlar yordamida bunga erishishingiz mumkin. Agar reklama va tanlovlar ish bersa sezilarli darajada obunachilarga ega boʻlishingiz mumkin. Baʼzi foydalanuvchilar bunaqa tanlovlarni samarali usul deb atashadi. Boshqalar esa foydasiz, faqatgina pulni bekorga sarflash deb oʻylashadi.

“Setters” ijtimoiy media agentligi tadqiqot oʻtkazdi va tanlovlar Instagramʻda qanday natija berishini aniqladi.

Instagramʻda sovgʻali tanlovlar nima?

Birinchi navbatda sovgʻali tanlovlar nima ekanligini aniqlaylik. Ularni Giveaway,  lotereyalar, tanlovlar deb ham atashadi. Mexanikaning mohiyati oddiy — siz qimmatbaho sovrinni taklif qilasiz va uni yutib olish imkoniyatiga ega boʻlish uchun maʼlum bir harakatni amalga oshirishni soʻraysiz. Bunday tadbirni oʻzingizning hisobingizdan ham homiylarning koʻmagi bilan ham oʻtkazishingiz mumkin.

Eng avval, siz sahifadagi faollikni oshirasiz, sharhlar, obunalar va hikoyalarda sizni belgilashlariga erishasiz.

Ikkinchi yondashuv biroz murakkabroq. Homiylik sovgʻali tanlovini oʻtkazish uchun bir vaqtning oʻzida bir nechta akkauntlar birlashtiriladi. Barcha homiylar sovrinlarni birgalikda olishadi. Bunday holda tanlovda ishtirok etish uchun barcha homiylarga obuna boʻlishingiz kerak.

Ushbu maqolada biz ikkinchi turdagi tanlovni batafsil koʻrib chiqamiz. Homiylar asosan quyidagi savollar bilan murojaat qilishadi: “Maqsadli auditoriyani jalb qila olamizmi?“, “Tanlov natijalari eʼlon qilinganidan keyin obunachilar koʻpayadimi?“.

Buni bilish uchun “Setters” ijtimoiy media agentligi aʼzosi Masha Varnavski ikkita akkauntda (Curated Businesses va Lux Life Now) oʻtkazilgan 6 ta Giveawayʻlarni tahlil qildi va yil davomida (2019-2020) homiylarning akkauntlarini kuzatib bordi. U tanlov boshida, shuningdek, tugaganidan keyin 2 va 4 hafta oʻtgach obunachilar va ishtirok etuvchilarni qayd etdi.

Curated Businessesʻdagi homiylarning mablagʻlari 3000 dan 10000 AQSH dollarigacha boʻlgan. Tashkilotchilar oʻrtacha 45000 obunachi vaʼda qildilar — har bir abonent uchun 0,06 — 0,09 dollar. Boshqa hech qanday reklama uslubi shunga oʻxshash narxlarni taklif qila olmaydi.

Instagramʻda sovgʻali tanlovlar qanday natijalarga olib keladi?

Keling, ushbu tanlovlarni marketing nuqtai nazaridan koʻrib chiqamiz — ular qanday afzalliklarga ega? Tadqiqot natijalariga asoslangan mashhur savollarga javoblar.

Maqsadli auditoriyani jalb qilish mumkinmi?

Homiylikdagi yutuqlar sizning profilingizga yangi obunachilarni jalb qiladi, ammo ularning hammasi ham sizning mahsulotingiz yoki xizmatingizga qiziqish bildirmaydi. Koʻpchilik faqat sovrin uchun keladi.

Giveaway bu mahalliy biznes uchun yomon variant. Koʻplab ishtirokchilar tanlovlarda qatnashish uchun bir nechta profil ochib maxsus roʻyxatdan oʻtkazadilar. 1 obunachi bir nechta profil orqali oʻyinda qatnashadi. Bu esa sizning biznesingizga umuman foyda keltirmaydi.

Xulosa: ishonch bilan aytish mumkinki, Giveawayʻlar sizning savdo aylanmangizni yaxshilamaydi.

Tanlovdan keyin obunachilar qoladimi?

Bu savol koʻpincha soʻraladi, chunki faqat bir hafta obuna boʻladigan obunachilarga pul sarflashdan nima foyda?

Foydalanuvchilarning aksariyati xarid uchun emas, balki sovrin uchun kelishlari aniq, shuning uchun koʻpchilik qurʼa tashlash marosimidan soʻng darhol profilni tark etishadi.

Tadqiqot muallifi Instagramʻdagi 52 ta akkauntni tahlil qilib, sovgʻa tugagandan soʻng qancha yangi aʼzo obunani bekor qilishini aniqladi. Oʻrtacha 61 foiz qatnashuvchilar gʻoliblar eʼlon qilinganidan keyin ikki hafta ichida profildan chiqib ketadi. Bu vaqt ichida yangi kelganlarning yarmidan koʻpi ketish ehtimoli 71 foizni tashkil qiladi.

Tanlovlar reklamangiz kuzatuviga taʼsir qiladimi?

Tanlovlar sizning profilingizga qanday taʼsir qilishi mumkinligini aniqlash uchun ijtimoiy tarmoq algoritmi qanday ishlashini tushunish muhimdir.

Algoritm faqat tegishli tarkibni koʻrsatish uchun ularning faolligini tahlil qiladi. Xususan, algoritmda har bir post va unga boʻlgan umumiy reaksiya hisobga olinadi. Agar foydalanuvchi postga izohlar qoldirib unga faol javob bersa, uning xabarlari koʻpincha eng yaxshi lentalarda boʻladi. Boshqa tomondan, agar kuzatuvchilar akkauntda biron bir harakatni amalga oshirmasa va obunani bekor qilsa, bu tarkibning sifatini pasaytirish algoritmi uchun signal boʻladi. Reklama oʻz oʻrnini yoʻqotishni boshlaydi.

Tanlovlar maqsadsiz auditoriyani jalb qilganligi sababli, ular postlar bilan faqat sovgʻali oʻyinlar paytida oʻzaro aloqada boʻlishadi. Natijalar eʼlon qilingandan soʻng yangi kelganlar obunani bekor qilishadi yoki “oʻlik akkaunt”ga aylanishadi.

Natijada, Instagram algoritmi sizning tarkibingiz sifatsiz boʻlib qolgani toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Sovgʻa berishdan oldin va tugaganidan ikki hafta oʻtgach, kuzatuv miqdori tekshiriladi. Asosan, obunachilar soni koʻpayadi, ammo natija kutilganidek boʻlmaydi. Maʼlum boʻlishicha, strategiya uzoq muddatli rivojlanish uchun mos emas.

Xulosa: Instagram tomonidan homiylik qilingan sovgʻali tanlovlar post kuzatuviga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Borgan sari sizning postlaringizni kamroq obunachilar koʻrishadi. Hatto ilgari faol foydalanuvchilar ham xabarlar bilan aloqani toʻxtatishi mumkin.

Koʻpchilik homiylar reklama bilan bu kamchilikni toʻldirishga harakat qilishadi. Agar ushbu yondashuv natija bermasa, ular yana bir tanlov boshlashadi va oxir-oqibat mexanikaga qaram boʻlib qolishadi. Tahlil qilingan profillardan 35 foizi yil davomida ikki yoki undan ortiq tanlovlarda qatnashadi. Natijada, ular oʻzlarining takliflariga qiziqmaydigan foydalanuvchilarga sarmoya kiritadilar va oʻzlarining pozitsiyalarini yomonlashtirdilar.

Agar siz oʻzingizning profilingizni reklama qilish uchun sovgʻali oʻyinlarni sinab koʻrishga qaror qilsangiz, homiylar va taʼsir koʻrsatuvchilarni diqqat bilan tanlang. Xiyla yoʻqligini tekshiring. Va albatta, biz bergan tavsiyalarga amal qiling.

Kamoliddin Abdullayev tarjimasi

Nashr qilingan sana: 17.10.2020