Marketing

O'qish vaqti: 7 daqiqa

Kichik biznesni rivojlantirish. Uning bozorda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun nima qilish kerak?

Kichik biznesning resurslari kam bo’ladi, xodimlarning maoshi, budjet va ko'plab raqobatchilarning borligi rivojlanishning biroz oqsashiga sabab bo’ladi. Amazon kabi ulkan savdo maydonchalarining bosimiga qaramay boshqa barcha katta va kichik kompaniyalar ham bozorda o'z auditoriyasini hayratda qoldirishga harakat qilmoqdalar.

Kichik kompaniyaning tashkil topgan ilk yilida hamma narsa qiyin bo'lishi mumkin. Siz tasavvur qilgan va qilmagan muammolar yuzaga kelib, sizni esankiratib ham qo’yishi mumkin. Albatta, siz boshqa brendlardan ajralib turishingiz kerak, marketing jamoasi yoki reklama agentligi uchun budjet ajrata oladigan darajaga yetib olgunga qadar uzoq yo’lni bosib o’tishingiz talab etiladi.

Bugungi maqolamizda samarali harakat qilish va to'g'ri auditoriyaga erishishga yordam beradigan ba'zi maslahatlarni berib o’tamiz.

Potensial mijozlar haqida ma’lumot to‘plang, ularni o‘rganing

Sizning reklama kompaniyangiz kerakli reklama auditoriyasiga yetib borishi kerak, buning uchun to’g’ri kontent va targeting qilish kerak bo’ladi.

Bugungi kunda mijozlar sifatli xizmatga muhtoj. U marketing va reklama faoliyatini o'z ichiga oladi. Siz taqdim etgan materiallar maqsadli auditoriyangizga mos kelishini tekshiring. Mijozlarning demografiyasini o'rganish va ularning harakatlarini tahlil qilish uchun onlayn tadqiqotlar o'tkazish uchun vaqt ajrating va keyin ularni kerakli kontent bilan ta'minlang. O'z auditoriyangizni tushunish uchun foydali kontentni yaratish, marketing strategiyasida hal qiluvchi omil hisoblanadi.

Ma'lumot to'playotganingizda, reklamangizni qaysi auditoriyada namoyish etilishini tanlashingiz mumkin. Ushbu mijozlar ro‘yxatidan yangi mijozlarni jalb qilishda yordam beradigan reklama turlaridan foydalaning.

Ularning xohish-istaklari qanday?

Potensial mijozlaringizni tanib bo'lgach, ularning raqobatchilaringiz tomonidan qondirilmaydigan ehtiyojlarini aniqlaysiz. Bo'sh joylar yoki bozorning yetishmasligi haqida bilish uchun raqobatchilarni chuqur o’rganib chiqing. Shundan keyin mijozlaringizga beradigan imtiyozlar haqida o'ylang. Masalan, Siz bepul yetkazib berishingiz yoki ertasi kuni chegirma bilan yetkazib berishingiz uchun kafolatni taklif qilishingiz, buyurtmalarni o'z ichiga olgan mahsulot qatorini kengaytirishingiz mumkin.

Mijozlarning ehtiyojlarini qondirishning yana bir usuli – bu bir nechta sheriklarni topish. Siz bilan raqobatlashmaydigan, ammo bir xil xaridorlarga yo'naltirilgan kompaniyalarni qidiring, ehtimol siz kuchlar va budjetlarni birlashtirib, mijozlarga mahsulot yoki xizmatlar to'plamini taklif qilishingiz mumkin.

Kontent menejment

Kontentni doimiy ravishda yangilab turish orqali mijozlarni ham yangilab turing. Bu har safar noldan boshlash kerak degani emas. Bu kichik “yangilanishlar” odamlarga sizning brendingiz bilan nima yuz berayotganini tushunishga yordam beradi.

Birinchidan, siz kontentni nashr qilish uchun taqvim yaratishingiz mumkin. Maqola, infografika, video va boshqa narsalarni joylashtirishda jozibadorlikni oshirishingiz foydali bo’ladi. Kontentingizni veb-saytingizda nashr etishni rejalashtiring, bu sizning Google reytingingizni oshiradi.

Kontentni ijtimoiy media, elektron pochta manzillarida reklama qilish va xaridorlarga yo'naltiradigan reklamalarni namoyish qilish uchun foydalaning.

Kompaniyangiz bozorda ajralib turishi uchun Adobe Spark va Adobe Premiere Rush kabi qulay ilovalar yordamida professional darajadagi tarkibni oson va tezda yarating. Ilovalarda noldan boshlamaslikka yordam beradigan chiroyli andozalar va o'quv materiallarini topish mumkin. Tasvirlarni mahsulotlar va nashrlarning o'rtasida osongina uzatishingiz mumkin bo’ladi. 

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifa va kanallaringizni faol yurgazing va kreativ bo‘ling

Ijtimoiy tarmoqlar kichik biznesning brend xabardorligini oshirish va mijozlarni jalb qilish uchun eng muhim vositadir. Bugungi kunda dunyo bo'ylab uch milliarddan ortiq odam ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi. Ushbu platformalar kichik biznes uchun alohida ahamiyatga ega. Ijtimoiy tarmoqlar yordamida siz savollarga javob berishingiz va hatto mahsulotlaringizni sotishingiz mumkin.

Siz o'z sahifangizda kontentni bepul nashr qilishingiz mumkin. Ijtimoiy tarmoqlardagi pulli reklama narxi kichik biznes uchun nisbatan past hisoblanadi.

Spark ilovasi turli xil ijtimoiy tarmoqlar uchun avtomatik ravishda o'lchanadigan grafikalar va videolar uchun rasmlar va matnlarni birlashtirishni osonlashtiradi. Agar siz videolarni suratga olish va tahrir qilishni xohlasangiz, video materiallar yaratishda tajribaga muhtoj emassiz. Premiere Rush ilovasidan foydalanib, sotuvbop videolarni tayyorlashingiz mumkin bo’ladi.

Qo‘shimcha qulayliklarni yarating

Faqat kompyuterlar uchun mo’ljallangan veb-saytga ega bo'lishning o'zi yetarli emas, agar siz raqobatchilaringizdan ustun bo'lib, mijozlaringizga sifatli xizmat ko'rsatishni istasangiz, mobil qurilmalar uchun kontentni optimallashtirishga ishonch hosil qiling. Mobil qurilmalar uchun ham mo’ljallangan versiya tayyorlang, chunki xaridlar hajmining aksariyati aynan ular orqali amalga oshiriladi.

Saytingizning mobil versiyasi to'g'ri ishlayotganligini muntazam tekshirib turing. Tezroq yuklab olish uchun rasmlarni siqing va qidiruv tizimini targ'ib qilishni yaxshilang. Agar xaridorlar saytingizdagi mahsulotlarni ko'rmasa, ma'lumot qidirish yoki xarid qilish juda murakkab bo'lsa yoki juda ko'p vaqt talab qilinsa, sizning mijozlaringiz salbiy taassurotga ega bo'lishadi va siz ularni yo'qotishingiz mumkin.

Eng muhimi, boshlagan ishingizni halol va vijdonan bajaring. Targeting va PR masalalarida mutaxassislardan maslahatlar oling. Bepul seminarlar va marketing kurslarida qatnashish orqali bu boradagi bilimlaringizni mustahkamlab, biznesingizga ko’chiring.

Kamoliddin Abdullayev tarjimasi

Nashr qilingan sana: 14.11.2020