Vebinar

O'qish vaqti: 10 daqiqa

Maqsadlaringizga erishishda yordam beradigan ilmiy isbotlangan 6 usul

Bu yil oldingizga qanday maqsadlar qoʻyganingiz yodingizdami? Agar ularga erishgan boʻlsangiz, bu juda yaxshi. Ammo agar bunday boʻlmasa, unda siz oʻzingizni ayblamasligingiz kerak.

Barcha rejalaringizni amalga oshirishga imkon beradigan motivatsiyani saqlab qolish aslida bu qadar oson emas. Ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez muhokama qilinadigan ushbu mavzu boʻyicha maʼlumotlar, odatda, vaziyatni chalkashtirib yuboradi va yomonlashtiradi. Shuning uchun, bu yerda kelgusi yilda barcha maqsadlaringizga erishishda yordam beradigan oltita ilmiy isbotlangan usulni koʻrib chiqamiz.

Yashirin maʼnoni toping

Koʻpincha biz maqsadlarni belgilab qoʻyamiz va keyin nima uchun ularga erishish kerakligini unutamiz. Bir qancha tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, yashirin maʼno intilishni oshiradi va qatʼiyatni bir maromda ushlab turishga yordam beradi.

Mohiyat ichki motivatsiyani taʼminlaydi. Usiz iroda faqat tashqi mukofotlarga bogʻliq boʻladi.

Ushbu yashirin maʼnoni topish uchun siz uchta “nima uchun” usulidan foydalanishingiz mumkin. Fikr juda oddiy: nima uchun maqsadingizga erishmoqchi ekanligingiz toʻgʻrisida oʻzingizga uchta savol berishingiz kerak.

Masalan, siz tejashni boshlashga qaror qildingiz deylik. Savollar boʻlishi mumkin:

  1. Nega tejamoqchiman? Menga mashina sotib olish uchun pul kerak.
  2. Nima uchun menga mashina kerak? Mustaqil boʻlish uchun.
  3. Nega men mustaqil boʻlishim kerak? Chunki sevimli joylarimga yolgʻiz sayohat qilishni xohlayman.

Bu yerda asosiy maqsad pulni tejash boʻlsada, uning yashirin maʼnosi siz sevgan ishingizni qilish yaʼni yolgʻiz sayohat. Ushbu yashirin maʼno sizga motivatsiya berib turadi.

Maqsadni bir necha bosqichlarga boʻling

Garvard universiteti tadqiqotlari shuni koʻrsatdiki, rivojlanish tuygʻusi eng kuchli turtki hisoblanadi. Maqsad sari qanday rivojlanib borayotganingizni sezmasangiz, ishni tark etganingiz yaxshi. Shu sababli, olimlar har bir kun, hafta va oy uchun bir nechta kichik vazifalarni belgilashni maslahat beradi.

Oldingi misolga qaytsak. Shunchaki pulni bank hisob raqamiga qoʻyish orqali siz hech qanday oʻsishni sezmaysiz. Yaxshisi aniq reja tayyorlang. Buning uchun siz kelgusi haftalar uchun kichik maqsadlar roʻyxatini yozishingiz mumkin:

  • Birinchi hafta. 20 dollarni ajrating va byudjet yarating.
  • Ikkinchi hafta. 30 dollarni tejang va keraksiz xarajatlarni kamaytiring.
  • Uchinchi hafta. 40 dollarni ajrating va toʻlovlar jadvalini ishlab chiqing.

Agar siz har hafta nimaga erishmoqchi ekaningizni aniq bilsangiz va kichik maqsadlarni amalga oshirsangiz, sevimli orzularingizni roʻyobga chiqarish ancha oson boʻladi.

Maqsadga boradigan yoʻlni tasavvur qiling

Eng keng tarqalgan notoʻgʻri tushunchalardan biri shundaki, gʻayratni saqlab qolish uchun siz oʻz maqsadingizga qanday erishganingizni tasavvur qilishingiz kerak. Biroq London Iqtisodiyot va Siyosatshunoslik maktabi va Nyu-York universiteti tadqiqotchilari Xezer Kappes va Gabriyele Ettinger buning aksini topdilar.

Maqsadga erishilgan yakuniy bosqichni tasavvur qilsak, miyamiz boʻshashadi. Inson aqli uchun haqiqatni xayoldan ajratish qiyin. Agar sizning miyangiz topshiriqni toʻliq bajarilgan deb hisoblasa, bu sizga uni bajarish uchun resurslarni taqdim etmaydi.

Shuning uchun yakuniy bosqichni emas, balki unga borishga imkon beradigan yoʻlni tasavvur qilish tavsiya etiladi. Bu, ayniqsa, ishdan voz kechish xavfi yuqori boʻlgan hollarda foydalidir.

Buning uchun oʻzingizga quyidagi savollarni bering:

  • Maqsadingizga erishmasangiz, oʻzingizni qanday his qilasiz?
  • Qanday holatlar sizni ruhiy tushkunlikka olib kelishi mumkin?
  • Faol boʻlishingizga nima yordam beradi?

Optimizm — bu yaxshi fazilat, lekin baʼzida iroda kuchi yetarli boʻlmasligini anglashda xalaqit berishi mumkin.

Ichki motivatsiyaga eʼtiboringizni qarating

Bir hafta davomida astoydil mehnat qilib, belgilangan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarsak, koʻpincha buning uchun oʻzimizga mukofot berishni xohlaymiz. Masalan, siz besh kun ketma-ket mashgʻulot oʻtkazdingiz va endi siz ulkan pirogga loyiqsiz deb oʻylaysiz.

Tadqiqotchilar Ayelet Fishbax va Ravi Darlar faqat yakuniy maqsadga zarar yetkazadigan mukofot uzoq muddatda motivatsiyani pasaytirishi mumkinligini aniqladilar. Ushbu yondashuv hatto salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, bu holda — butun bir hafta davomida sport zalida vazn ortishi.

Motivatsiya tashqi emas, balki ichki boʻlishi kerak.

Shunday qilib, keyingi safar oʻzingizni biron narsaga loyiqdek his qilsangiz (bu sizni maqsadingizdan uzoqlashtirsin), nima uchun unga qarshi turish kerakligini eslang. Bu vasvasadan qochishga yordam beradi.

Irodangizni kuchaytirish ustida ishlang

Bu sifat barcha toʻsiqlarga qaramay qisqa muddatli vasvasalardan qochishga va uzoq muddatli maqsadlar sari oʻtishga yordam beradi.

Irodaviylik va oʻz-oʻzini boshqarish muvaffaqiyatning asosiy tarkibiy qismidir. Ular yordam berishmoqda:

  • impulsiv harakatlarni boshqarish;
  • stressli vaziyatlarni yengish;
  • gʻazabni boshqarish;
  • ortiqcha narsalardan qutilish;
  • yangi odatlarni shakllantirish.

Biroq, baʼzi bir tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, iroda kuchi uzoq muddatli zoʻriqishdan soʻng tugaydigan, cheklangan manba hisoblanadi. Shu sababli, ogʻir kundan keyin dam olish va birinchi navbatda muhim vazifalarni bajarish tavsiya etiladi.

Biroq, irodani kuchaytirishga erishish mumkin. Buning ikkita samarali usuli mavjud.

  1. Jismoniy faoliyat. Muntazam jismoniy mashqlar, kuniga 15 daqiqa boʻlsa ham, motivatsiyani oshirish uchun yetarli boʻladi.
  2. Meditatsiya. Vaqti-vaqti bilan mashq qilish sizga asossiz istaklarga qarshi turishga va rejangizga sodiq qolishga yordam beradi.

Maqsadlarga erishish jarayoniga eʼtiboringizni qarating

Koʻngilsizlik paytlarida koʻpchilik “men qila olaman!” kabi soʻzlar bilan oʻzini ragʻbatlantirishga harakat qiladi. Biroq, ushbu oʻz-oʻzini ruhlantirishning afzalliklari fan tomonidan isbotlanmagan. Oʻzingizdan buni qanday qilishingizni soʻrashingiz yana-da samarali strategiya.

Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, maqsadga erishish mumkinmi deb oʻylaydiganlar koʻproq muvaffaqiyatga erishadilar. Haqiqat shundaki, savollar fikrlash jarayonini faollashtiradi, bu esa ongsiz ravishda muammolarga yechim izlaydi.

Oldingi hafta uchun maqsadlaringizni sanab oʻtayotganda, ularga erishish uchun nima qilish kerakligini oʻzingizdan soʻrang. Fikrlash quyidagicha boʻlishi mumkin:

  • Dasturlash kursining birinchi modulini toʻldiring;
  • Har kuni yozing. Buning uchun boʻsh vaqtingizni tanlang;
  • Haftada uch marta mashq qiling.

Yuqoridagi maslahatlarimizga amal qilsangiz, siz oʻz oldingizga qoʻyilgan vazifalarni bajarishda faqatgina ishonchga emas, balki ularni qanday bajarishga ham eʼtibor berasiz.

Kamoliddin Abdullayev tarjimasi

Nashr qilingan sana: 11.01.2021