Maqolalar

O'qish vaqti: 5 daqiqa

Mikroqarz nima, uni qanday olish mumkin?

Kutilmagan moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelganda, mikroqarz kabi kredit mahsulotlar turi qisqa muddatli va har qanday maqsadlar uchun Sizga pul mablagʻlarini tez va oson olish imkonini beradi.

Mikroqarzlar banklar va mikrokredit tashkilotlari tomonidan toʻlovlilik, muddatlilik va qaytarish shartlari asosida faqat jismoniy shaxslarga taqdim etiladi.

Mikroqarzning miqdori qarz oluvchining toʻlov qobiliyatiga bogʻliq, ammo 50 mln. soʻmdan oshib ketmaydi.

Mikroqarz Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida naqd yoki bank kartasiga naqd pulsiz koʻrinishda taqdim etiladi. Shu bilan birga, bank kartasi debet yoki kredit kartasi boʻlishi mumkin.

Naqd pulsiz shaklda olingan mikroqarz, bank kartasidan foydalanish orqali tovar, ish va xizmatlar uchun toʻlash imkonini beradi.

Shu bilan birga, bank tomonidan bank kartasiga mablagʻlarni oʻtkazish orqali beriladigan mikroqarzning asosiy xususiyatlari quyidagicha:

  • har bir kishi uchun uning oʻrtacha oylik daromadi, kredit tarixi, va boshqa omillar asosida alohida hisoblanib bank tomonidan belgilangan limit doirasida taqdim etiladi;
  • foizlar ruxsat etilgan limit emas, faqat haqiqatda ishlatilgan mablagʻlar boʻyicha hisoblanadi;
  • qarzning oʻz vaqtida qaytarilishi kredit xizmatini qayta tiklash imkonini beradi.

Shu bilan birga, mikroqarzning limiti debet kartasi uchun overdraft shaklida ochilishi mumkin, bu uning egasiga oʻz va qarz mablagʻlarini ishlatish imkonini beradi, yaʼni kartada mavjud boʻlgan mablagʻlardan oshadigan summa hamda qarz oluvchining oʻz mablagʻlarini akkumulyatsiyalash (toʻplash)ni oʻz ichiga olmaydigan kredit kartalari uchun ham ochilishi mumkin. Shu bilan birga, overdraft banklar tomonidan chiqarilgan debet kartalariga asosan ish haqini toʻlash yoki pensiyani oʻtkazib berish uchun beriladi.

Debet kartasiga mablagʻlarni oʻtkazish yoʻli bilan berilgan mikroqarzning soʻndirilishi avtomatik (bank qarz summasini mablagʻlar karta hisobiga tushganda yechib oladi) tarzda sodir boʻladi. Kredit kartasi berilganda, qarz oluvchi kreditni soʻndirishi uchun hisobga kredit shartnomasida belgilangan toʻlov miqdorini oʻz vaqtida kiritishi shart.

Mikroqarzni qanday olish mumkin?

Birinchidan, Siz uchun qulay shartlarda mikroqarzni taqdim etishga qodir bank yoki mikrokredit tashkilotini tanlash kerak. Mikroqarz berish shartlari haqida maʼlumot bilan banklar va mikrokredit tashkilotlarining rasmiy veb-saytlari (agar ular mavjud boʻlsa) va/yoki ularning ofislariga tashrif buyurish orqali tanishib chiqishingiz mumkin.

Mikroqarz olish uchun Siz murojaat qilmoqchi boʻlgan tashkilotni tanlab, bank yoki mikrokredit tashkilotiga quyidagilarni taqdim etishingiz kerak:

  • mikroqarz olish uchun ariza;
  • pasport;
  • faoliyat va daromad haqida maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan hujjatlar.

Mikroqarz boʻyicha taʼminot uchinchi shaxs kafilligi, sugʻurta polisi, likvidlikka ega boʻlgan mol-mulk garovi va boshqalar boʻlishi mumkin.

Banklar har xil foiz stavkasida mikroqarz taqdim etsa-da, deyarli bir xil shart asosida qarz beradilar. Oʻzbekistonda mikroqarz taqdim etuvchilar quyidagicha stavka qoʻygan:



Mikroqarz beruvchi tashkilot arizani olgandan soʻng uch ish kuni ichida uni koʻrib chiqishi va qaror qabul qilishi shart.

Shu bilan birga mikroqarz berish toʻgʻrisida ijobiy qaror qabul qilinishiga taʼsir etuvchi omillar:

  • ijobiy kredit tarixi;
  • doimiy daromad manbaining mavjudligi;
  • yetarli taʼminotni taʼminlash;
  • kerakli hujjatlarni toʻliq taqdim etish.

Shuni taʼkidlash kerakki, baʼzi banklarning mobil ilovalari masofadan turib mikroqarz olish imkonini beradi.
 

Maqolada finlit.uz saytida berilgan ma’lumotlardan foydalanildi.

Nashr qilingan sana: 16.10.2020