HR

O'qish vaqti: 11 daqiqa

Noto‘g‘ri xodimlarni yollashingizning 6 ta sababi

Kadrlar bilan bog‘liq xatolarga yo‘l qo‘yish har bir korxona uchun qiyin vaziyat hisoblanadi, ayniqsa, bunday xatolar qayta-qayta takrorlansa, qimmatga tushishi mumkin.

Xodimlarni to‘g‘ri tanlash har qanday korxona uchun, ayniqsa nisbatan kam sonli xodimlarga ega kichik kompaniyalar uchun juda muhimdir. Noto‘g‘ri mutaxassisni yollash nafaqat vaqt va pul yo‘qotishiga olib keladi, balki jamoadagi muhitga va umuman biznesga salbiy ta'sir qiladi. Bugungi maqolada ish beruvchilar noto‘g‘ri nomzodni yollashlariga oltita sababni keltirib o‘tamiz:

1. Vaziyatni noto‘g‘ri baholash

Har bir xodim kompaniyaning rasmiy va norasmiy qoidalariga rioya qilishga majburdir. Biroq ba'zi odamlar qoidalarga rioya qila olmaydilar yoki ularni bajarishni xohlamaydilar.

Tajribali mutaxassis juda ajoyib bilim va tajribaga ega, ammo hamkasblari bilan til topisha olmasa, u siz bilan ishlash uchun odatlarini o‘zgartira olmaydi. Kechasi ishlashga odatlangan dasturchi esa ofisda 9 dan 5 gacha o‘tirib ishlashga ko‘nikmaydi.

Ba'zi xodimlar o‘z ishlariga shunchalik berilganki, ular ish muhitini umuman e'tiborsiz qoldiradilar. Ularni o‘zgartira olaman deb o‘ylamang.

Buning o‘rniga, siz xodimning barcha kuchli va zaif tomonlari bilan murosaga kelishingiz kerak. Uning ajoyib iste'dodi evaziga ayrim qiliqlariga dosh berishga tayyormisiz? “Tungi boyqush” dasturchisining hamkasblari bilan to‘g‘ri munosabatda bo‘lmasligini bilib, tunda uning ofisida bo‘lishiga yo‘l qo‘yasizmi?

Shuni unutmangki, siz ish beruvchi sifatida har doim murosaga kelishingizga to‘g‘ri keladi. Agar siz bularga tayyor bo‘lmasangiz, bunday xodimni yollamasligingiz kerak.

2. Nomzodning shaxsiy xususiyatlarini unutib, uning kasbiy fazilatlariga tayanish

Kompaniya qanchalik kichik bo‘lsa, menejer o‘z sohasining mutaxassisi bo‘lish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi va shuning uchun o‘z bilimlarini xodimlarga berishga qodir bo‘ladi. Biroq menejer xodimlariga g‘ayrat va axloqiy tamoyillarni singdira olmaydi va aynan shu fazilatlar ko‘pincha kasbiy mahoratga qaraganda ko‘proq narsani anglatadi.

So‘nggi so‘rov natijalariga ko‘ra, ish boshlaganidan keyin 18 oy o‘tmay ishdan bo‘shatilgan barcha xodimlarning atigi 11 foizi bilim yoki ko‘nikma yetishmasligi sababli bevosita vazifalarini bajara olmaydi. Aksariyatlarining motivatsiyasi past yoki injiq xarakterga ega bo‘ladi, ularda o‘rganish istagi mavjud bo‘lmaydi.

Yuqori malakali va g‘ayratli xodim orasidan birini tanlashda, siz deyarli hamma narsani o‘rgatishingiz mumkinligini unutmang, ishga munosabatni o‘zgartirish mumkin emas. Ma'lum darajada bo‘shliqlar tashvishga solsa, kerakli shaxsiyat va g‘ayratning yetishmasligi hamkorlik qilmaslik uchun jiddiy sababdir.

3. O‘z bizneslarini haddan tashqari maqtash

Albatta, har bir ish beruvchiga o‘z kompaniyasida ishlashni xohlaydigan xodimlar kerak, ammo haddan tashqari reklama sizga zarar yetkazishi mumkin.

Yaxshi nomzodlar kerakli barcha ma'lumotlarni oldindan bilib oladilar va sizning kompaniyangiz haqida tushunchaga ega bo‘ladilar.

Haqiqatni yoritishga urinishlar ish beruvchi va ishchi o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy ta'sir qiladi. O‘zini isbotlash imkoniyatidan minnatdor bo‘lgan odam, birinchi kundanoq, sizning jamoangizga qo‘shilib, sizga yaxshilik qildim deb o‘ylaydiganlardan boshqacha yo‘l tutadi.

Buning o‘rniga, ishingizni va kompaniyangizni qisqacha tavsiflab, savollarga halol va haqiqat bilan javob bering. Tabiiy ishtiyoqingizni ko‘rish nomzodga to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi.

Hech qachon kompaniyangiz bilan maqtanmang. Ishonaveringki, to‘g‘ri mutaxassis bu imkoniyatni o‘zi tan oladi va undan foydalanishdan tortinmaydi.

4. Instinktiv ravishda do‘stlar va qarindoshlarni yollash

Albatta, ba'zi hollarda muvaffaqiyatli tashqi biznes oilani birlashtirishga o‘xshaydi, ammo bunda alohida e'tibor berish kerak bo‘lgan jihatlar bor.

Qarindoshlarning bilimlari va ko‘nikmalarini tavsiflashda oshirib yuborishadi. Bundan tashqari, do‘stlar va oila a'zolar bir-birlarini ofisdan tashqarida tez-tez ko‘rib turishadi, bu esa mojaro xavfini oshiradi va oxir-oqibat ish joyi jang maydoniga aylanishi mumkin. Kichik kompaniyadagi oltita ishchidan uchtasi ishtirokidagi ziddiyat biznesi butunlay yo‘q qilishi mumkin.

Do‘stlaringizni va oilangizni yollash o‘rniga, to‘g‘ri siyosat ishlab chiqing - masalan, ularning bir bo‘limda ishlashiga yo‘l qo‘ymang yoki tavsiya haqiqatga mos keladimi-yo‘qligini diqqat bilan ko‘rib chiqing.

Ishga qabul qilish strategiyangizga rioya qiling va ko‘plab noqulay vaziyatlardan saqlaning.

5. Intuitsiyaga e'tibor bermaslik

Rasmiy va izchil ishga qabul qilish tartibini intuitsiya bilan ham sinab ko‘rish mumkin.

Nomzod tomonidan qoldirilgan taassurotni uning rezyumesi yozilgan narsalar bilan taqqoslashingiz mumkin. Kichik testlarni o‘tkazishdan qo‘rqmang. Men har doim rahbarlik lavozimlariga da'vogarlarni ishlab chiqarish maydonchasiga olib boraman, u yerda har doim mendan savol so‘rashni istagan ishchi bor. Men hech qachon o‘zimning xodimlarimga bergan maslahatimdan bosh tortmayman va har qanday savolga batafsil javob beraman.

Tajriba va sezgi sizga to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam bersin.

O‘zingizning testlaringizni amalga oshirishdan qo‘rqmang. Nomzodning maqomi pastroq bo‘lgan xodimlar bilan qanday aloqada bo‘lishini kuzatish, siz uning muloqot qobiliyatlari to‘g‘risida xulosa chiqarishingiz mumkin. Har bir xodim lavozimi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, hurmat va iltifotga loyiqdir.

O‘zingizning xodimlaringizda ko‘rmoqchi bo‘lgan fazilatlarni aniqlang, so‘ngra nomzodda ushbu fazilatlarning mavjudligini yoki yo‘qligini tekshirish uchun o‘zingizning usulingizni qo‘llang.

6. Katta tavakkal qilish

Ish beruvchilar yangi ishchilarni jalb qilishda duch keladigan ikki xil xavf mavjud.

Ish beruvchining nomzodda katta imkoniyatlarni ko‘rishi mumkin bo‘lgan ijobiy xatarlar mavjud. U mahoratga ega bo‘lmagan xodimni yollaydi, ammo bu yetishmovchilik ishlash va o‘rganish istagi bilan qoplanadi. Bunday xodim o‘z g‘ayratini namoyon etadi, bu aynan kompaniyaga kerak.

Nima uchun ish beruvchilar tavakkal qilishga tayyor? Ba'zilar allaqachon u yoki bu lavozimga munosib nomzod topishga intilishsa, boshqalari esa kadrlar masalasini o‘z holiga tashlab qo‘yishadi. Va kimdir bitta yomon xodim vaziyatni umuman buzmaydi deb hisoblaydi, chunki kompaniyaning foydasi allaqachon yuqori deb hisoblanadi.

Ish beruvchining ishga yollashdagi harakatlaridan qat'i nazar, ularning har biri xatolarga yo‘l qo‘yadi. Salbiy xatarlarni chetga surib qo‘ying - ular kamdan-kam hollarda ijobiy natijalarga olib keladi.

Kamoliddin Abdullayev tarjimasi

Nashr qilingan sana: 28.11.2020

O'xshash maqolalar