Shaxsiy rivojlanish

O'qish vaqti: 13 daqiqa

“Oracle” asoschisi Larri Ellisonning muvaffaqiyat siri

Larri Ellison (Lawrence Joseph Ellison) — taniqli amerikalik biznesmen, yirik aksiyador va 2014-yilgacha “Oracle IT Corporation”da bosh direktor lavozimida faoliyat yuritgan. U dunyodagi eng boy odamlarning oʻntaligidan joy olgan. “Forbes” reytingida 2019-yili 62,5 milliard dollar bilan 7-pogʻonani band etgan. 2020-yil fevraliga kelib biznesmenning kapitali yanada oshdi — u 69,4 milliard dollar mablagʻi bilan sayyoradagi eng boy odamlar beshligiga kirdi.

Bolaligi va oilasi

Larri Ellison Ikkinchi jahon urushi paytida 1944-yil 8-iyunda Nyu-Yorkning Bronks shahrida tugʻilgan. Onasi Florens Spellman yahudiy millatiga mansub immigrant edi. U 19 yoshida Larrini dunyoga keltirgan. Milliarderning genetik otasi haqida maʼlumotlar juda kam — ismi nomaʼlum, bir qator manbalar uning AQSh Qurolli Kuchlarida xizmat qilgani haqida xabar beradi.

Yolgʻiz ona pnevmoniyaga chalingan 9 oylik goʻdagini parvarish qila olmay,uni Chikagoda yashaydigan xolasi Lili Spellman Ellison qaramogʻiga beradi. Boʻlajak IT magnatining bolaligi Amerikaning uchinchi yirik megapolisidagi kichkinagina 2 xonali kvartirada oʻtdi. 12 yoshida Larri ona deb yurgan ayol aslida xolasi, ota deb atagani esa pochchasi ekanini tasodifan bilib qoladi.

Ellison familiyasi Larrining asrab olgan otasi - Lyuisga tegishli. Larri onasini, ya’ni xolasini iliq xotiralar bilan eslaydi, ammo otasini “hayotdan koʻngli qolgan pessimist va konformist” deb ataydi. Buyuk Depressiya yillarida Lyuis Ellison koʻchmas mulkdan ayrilib, kamtarona jamoat uylarida auditorlik faoliyatini olib bordi. U asrab olgan oʻgʻlida oʻz-oʻziga nisbatan ishonch hissini rivojlantirish oʻrniga xatolarini masxara qildi.

Maktab yillari

Larri boshlangʻich sinflarni Chikagodagi maktabda oʻqidi. U aqlli, diqqat-e’tibori kuchli kichkina bola edi. Oʻqituvchilar Larrini “qobiliyatli, ammo har doim ham faol emas” deb taʼriflashgan. Larri aniq fanlarga qiziqardi, ayniqsa, matematikani yaxshi koʻrgan. U maktab oʻquv dasturida koʻzda tutilmagan masalalar: qora tuynuklarning kelib chiqishi va kosmik kemani qanday qurish kerakligi bilan qiziqadi. Larri sportga ham befarq emas edi, voleybol, xokkey va squashni yaxshi oʻynardi.

Universitet yillari: tugallanmay qolgan oliy maʼlumot

1962-yilda 18 yoshli maktab bitiruvchisi Urbana-Champaign'dagi Illinois universitetining talabasi boʻldi. Universitet mamlakat taʼlim tizimida eng yaxshi oily oʻquv yurti boʻlib, muhandislik va informatika sohasida mukammal saboq berilgan. Larri 1-kursni muvaffaqiyatli tugatdi, lekin 2-kursdan keyin imtihon topshirmadi va universitetdan haydaldi. 1964-yil may oyida oʻgay onasi vafot etdi, shuning uchun u tushkunlikka tushib, universitetni tark etishga qaror qilgandi.

Yozda Shimoliy Kaliforniyaga joʻnaydi va Chikagoga qaytib, AQShning eng nufuzli va akademik jihatdan yuqori universitetlaridan biri sifatida tan olingan xususiy universitetga kiradi. Ammo Ellison fizika va matematikadan diplom va ilmiy darajaga erisha olmaydi: birinchi semestrdan soʻng u universitetni tashlaydi. Chikago universitetida qisqa muddatli tadqiqotlar Larriga taʼsir qildi — universitet talabasi sifatida u kompyuter texnologiyalari bilan birinchi boʻlib tanishgan.

Aytish kerakki, Larri Ellisonning tarjimai holi tugallanmagan oliy maʼlumot muvaffaqiyat uchun toʻsiq boʻlolmasligini isbotlaydi.

1966-yilda Larri Berkli shahri (Kaliforniya)ga koʻchib oʻtdi. U hashamatli narsalarga qiziqa boshladi. Feruza rangdagi Ford Thunderbird avtomobilini (T-Bird deb nomlanuvchi) sotib oldi va u boshqa shaharga baxt izlab ketdi.

U birinchi marta 1967-yilda bandlik agentligida ishlagan 23 yoshli boʻlajak rafiqasi bilan uchrashadi. Larri ish joyini koʻp marotaba oʻzgartiradi, u "Wells Fargo & Company" bank xolding kompaniyasida, "Amdahl Corporation"da ishlaydi. 1973-yilda "Ampex" elektron va elektr kompaniyasidan ish topadi. Aynan shu yer Larri Ellison muvaffaqiyatli yo’lining ostonasiga ylandi. Markaziy Razvedka boshqarmasining topshirigʻi bilan "Ampex" maʼlumotlar bazalarini yaratish ustida ishladi va ushbu loyihada “Oracle” kod nomi bilan dasturchi lavozimida faoliyat yurita boshladi.

Kompaniyaning asosi

Ellison IBM'ni ortda qoldirishga va kompaniyada tayyor mahsulot texnologiyasini joriy etishga qaror qildi. Kompaniyaning ustav kapitali 2000 AQSh dollarini tashkil etardi: Ellison 1200 AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritdi va 800 dollar Miner va Oates oʻrtasida teng taqsimlandi. Laboratoriya hammuassisi tijoratga aloqador maʼlumotlar bazasini yaratish ustida ish boshlaydilar, uni ishlab chiqish uchun 2 yil kerak boʻldi. Kodni yozish uchun Larri kompaniyaning birinchi yollangan ishchisi - Bryus Skottni taklif qildi. Ellison qobiliyatli va tasavvurga ega sotuvchi edi: tayyor mahsulot hali koʻrilmasdan turib, u potensial xaridorlarni qidirish ishlarini boshlab yuborgan edi.

Mahsulotni ishlab chiqarish: aqlli marketing harakati

Obyektga oid DBMS Oracle v2'ning chiqarilishi 1979-yilda amalga oshirildi. Taqdim etilgan maʼlumotlar bazasi birinchi versiya boʻlsa ham, u Oracle v2 sifatida raqobatchilardan ajralishni taʼkidlab, birinchi mahsulot yomon emasligini koʻrsatdi. Dasturiy taʼminot raqobatbardosh boʻlib chiqdi: SQL soʻrovlar tilini qoʻllab-quvvatladi va ishning yuqori tezligi bilan ajralib turdi.

Birinchi xaridor AQSh harbiy-havo kuchlarining bazasi boʻldi. Keyin Oracle v2’ni Markaziy Razvedka boshqarmasi sotib oladi. Ularning ushbu dasturiy taʼminoti davlat manfaatlarini himoya qiladi, deb daʼvo qilishi yangi mahsulot uchun eng yaxshi reklama kampaniyasiga aylanadi. Ellison mustaqil ravishda maʼlumotlar bazasini yaratadi, undan foydalanishni oʻrgatadi va mijozlarga maslahat beradi. 1980-yilda kompaniyaning daromadi 1 million dollarni tashkil qildi.

Qanday qilib millioner boʻldi?

1986-yili 12-martda Ellison va hammuassislari NASDAQ Amerika fond birjasida kompaniyaning IPO'sini oʻtkazdilar. Ommaviy boshlangʻich savdo doirasida hatto 10 yoshga ham toʻlmagan "Oracle" 31,5 million dollar yigʻdi. Boyligi 185 million dollarni tashkil etgan Larri Ellisonning ismi "Forbes" sahifalarida paydo boʻldi.

90-yillarning mashaqqatlari

Larri taʼkidlaganidek, “biznesning ajoyib xatosi” 90-yillarning boshlarida kompaniyani sudga yetaklab keldi. Kompaniya oʻz sotuvchilariga joriy chorakda boʻlgʻusi savdolarni qayd etishga ruxsat bergach, shu narsa maʼlumotlarning buzilishiga olib keladi. 1990-yilda "Oracle" kompaniyasining daromadi xarajatlardan oshib ketadi, 1991-yilda uning savdosi 80 foizga tushib, kompaniya bankrot boʻlishiga yarim qadam qolgandi.

Ellison vaziyatni ehtiyotkorlik bilan baholadi. “Biznes odamlardan koʻra muhimroq” deb hisoblab, 400 xodim(xodimlarning oʻndan biri)ni ishdan boʻshatdi. “Menda boshqa tanlov yoʻq edi”, deya eslaydi Ellison. U qattiqqo’llik bilan olib borilgan kadrlar siyosati kompaniyani qutqaradi, deb oʻylaydi. Yangi menejment jamoasi kompaniyani avvalgi yuksaklikka qaytardi. 90-yillarning oʻrtalarida dot.com portlashi "Oracle"ning savdosi oʻsishiga olib keldi: yangi tashkil etilgan firmalarga maʼlumotlar bazalari kerak edi va Ellisonning mahsulotiga talab oshib ketdi.

Milliarderning nollari

2000-yilda dot.com qulashidan oldin uning boyligi 48 milliard dollarga baholangan. 2009-yil mart oyida u Amerikaning eng yetakchi milliarderlaridan biri boʻldi.

Ellison dunyo boʻylab Internetning kelajagini birinchilar qatorida koʻrdi. Kompaniyaning dasturiy mahsulotlari nafaqat Internet bilan maʼlumotlar ombori sifatida ishlashni, balki uning hisoblash resurslaridan foydalanishni boshladi. Kompaniya “cloud computing” (bulutli) servisi hisob-kitoblarning global taʼminotchisiga aylandi, marketing, xizmat koʻrsatish, moliyaviy menejment va ishlab chiqarish uchun birlashtirilgan amaliy yechimlar toʻplamini taqdim etdi.

 2014-yil sentyabr oyida 70 yoshli Larri Ellison bosh direktor lavozimini tark etdi. Kompaniya tashkil etilganiga 37 yil boʻlgan boʻlsa, u shu yillar ichida bosh direktor lavozimida ishlab keldi. Lekin u " Oracle" hammuassisi sifatida Direktorlar kengashi raisi lavozimini saqlab qoldi va ayni paytda Bosh texnologiya direktori lavozimini egalladi.

"Oracle" vakili Debora Xellingerning aytishicha, Ellison sof foyda haqida izoh bermaydi.

"Bloomberg" nashri uning moliyaviy holatini 62,4 milliard dollarga, "Forbes" esa 69,4 milliard dollarga baholamoqda.

Ramziy maoshi 1 dollarni tashkil qiladigan bir qator “ disfunksioner” menejerlardan farqli oʻlaroq, Larri Ellison eng koʻp maosh oladigan Amerika menejerlari roʻyxatida turadi. 2012-yilda " Oracle" unga 94,6 million dollar toʻlaganida, ishbilarmon eng koʻp maosh oladigan Amerika firmalarining direktorlari reytingidan joy olgan. 2017-yilda aksiyadorlarning talabiga binoan, Ellison moliyaviy toʻlovlarni 47 foizga kamaytirdi. 2019-moliya yilida unga 1,6 million dollar toʻlandi.

Milliarder boyligining asosiy manbayi uning "Oracle"dagi ulushidir, tadbirkorga 25 foiz aksiyalar tegishli. U, shuningdek, "NetSuite"ning eng yirik aksiyadoridir,  cloud'ga asoslangan bu dasturiy taʼminot ishlab chiqaruvchisi "Oracle" tomonidan 2016-yilda 9,3 milliard dollarga sotib olingan. Ellison taʼlim mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi " LeapFrog Enterprises" kompaniyasining ulushiga egalik qiladi. Milliarderning qimmatli qogʻozlari orasida — “Tesla”ning 2 foiz aksiyalari ham bor.

Xayriya indekslari

"Forbes" maʼlumotlariga koʻra, biznesmenning xayriya indekslari 5 tadan 4 tani tashkil etadi. Sayyoradagi eng boy odamlarning oʻntaligidan atigi toʻrt kishi eng yaxshi xayriya koʻrsatkichlariga ega — Bill Geyts, Uorren Baffet, Mark Sukerberg va Maykl Blumberg. Ushbu indeks nafaqat xayriya faoliyatiga yoʻnaltirilgan kapitalning foizini, balki loyihalarda shaxsiy ishtirok etish darajasini ham oʻlchaydi.

Taniqli filantrop Larri Ellison yoshga bogʻliq oʻzgarishlar bilan kurashish uchun tibbiy dasturlar va tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlaydi. Uning Ellison Tibbiy Jamgʻarmasi 1997-yilda tashkil etilgan boʻlib, u yoshga bogʻliq kasalliklar va nogironlar boʻyicha tadqiqotlar homiysi hisoblanadi.

2006-yilda tadbirkor Garvard universitetiga 115 million dollar, 2010-yilda esa zilziladan jabr koʻrganlarga mablagʻ yigʻish uchun tashkil qilingan “ Hit for Haiti” xayriya tadbiriga 1 million dollar xayriya qilgan.

Janubiy Kaliforniya universiteti onkologik markazi uchun 200 million dollar ajratgan. Ellison, shuningdek, qarish jarayonini sekinlashtiradigan DHEA gormonini oʻrganishda ishtirok etayotgan odamlarga ham xayr-ehson qiladi. Axir kim ham uzoq umr koʻrishni xohlamaydi deysiz?!

2010-yilda Larri Ellison Giving Pledge tashabbusiga qoʻshildi  va kapitalining  kamida 95 foizini xayriya faoliyatiga yoʻnaltirishini taʼkidladi.

Muvaffaqiyatlar siri

1990-yilda Larri Ellison AQShda “Yil tadbirkori” unvoniga sazovor boʻldi, 1994-yilda esa Xalqaro fanlar uyushmasining “Axborot texnologiyalaridagi yetakchilik” mukofotini qoʻlga kiritdi.

Larri Ellison muvaffaqiyatining siri nimada?

Korporatsiyaning muvaffaqiyati faqat bir kishining hissasi bilan cheklanib qolmaydi, ammo "Oracle" ning rivojlanishida “Larri” faktorini qadrlamasdan iloj yoʻq. Kompaniyaning sobiq xodimi Mark Benioffning “Bulutlar ortida” kitobida muallif Larri Ellisondan 7 ta eng muhim tavsiyani keltiradi. Ular:

Oʻz tasavvuringizga ega boʻling!

Ehtirosli boʻling!

Oʻzingizga ishonch hosil qiling!

Nimani xohlasangiz, ertaga emas, hozir boʻlishi haqida oʻylang!

Boshqalar sizning nuqtayi nazaringizga taʼsir qilishiga yoʻl qoʻymang!

Oʻzingiz xohlagan narsalarni hozirda koʻrishingizga imkon bering, hatto kelajakda amalga oshirish koʻzlangan boʻlsa ham!

Hech qachon boshqalarga oʻz kuchingizni berib qoʻymang!
 

Omina Sharipova tarjimasi

Nashr qilingan sana: 03.07.2020