Marketing

O'qish vaqti: 10 daqiqa

Qoyilmaqom dizayn uchun talablar. Loyihalarning dizaynini qanday qilib qurish kerak?

Biz foydalanadigan har bir narsaning dizayni bor. Xonadagi mebel tartibi, bog‘dagi yo‘llar, elektron qurilmaning detallari bo‘lsin, hammasi qandaydir loyiha asosida yaratilgan. Agar dizayni yaxshi bo‘lsa, ehtimol odamlar hech narsani sezmasligi mumkin. Ammo yomon bo‘lsa, darhol sezilib qoladi. Biz Donald Normanning afsonaviy "Odatdagi narsalar dizayni" kitobida keltirilgan bir nechta qoidalarni tanlab oldik. Ular qulay va xavfsiz narsalar hamda dasturlarni yaratishda yordam beradi.

 

Amalni bekor qilish

Xatolarni minimallashtirishga yordam beradigan eng kuchli vosita - bu bekor qilish buyrug‘idan foydalanish. Iloji boricha oldingi buyruq bilan bajarilgan operatsiyani bekor qilishingiz mumkin.

Eng yaxshi tizimlar bekor qilishning ko‘p darajalariga ega, ularda bir nechtalab harakatlar zanjirlarini bekor qilish mumkin.

Hujjatni osongina tahrirlashingiz mumkin bo‘lgan Google Docs’da bir necha qadam orqaga qaytish yoki hatto asl nusxasini tiklash imkoniyati ham bor. "Bu hali ham meni hayratga solmoqda, - deb yozadi Donald Norman, - ko‘pgina elektron va kompyuterlashtirilgan tizimlar "bekor qilish" buyrug‘ini bajara olmaydi va zarur bo‘lgan vazifani bajarmaydi".

 

Ovoz

Ba’zan grafikalar va matnlar siz aytmoqchi bo‘lgan hamma narsani yetkaza olmaydi. Bu borada bizga ovoz yordam beradi. Ya’ni odamlar hamma narsani to‘g‘ri bajarayotgani haqida xabar beradi yoki aksincha – bu sizni xato sari yetkazayotganini tushuntiradi.

Axborotni yetkazish uchun tovushdan foydalanish kuchli va muhim g‘oyadir.

Boltning chertishi, choynakning hushtagi, tosterning ovozi, telefonning signallari… Tasavvur qilib ko‘ring, bu nomlar haqida o‘ylash bilanoq ularni ovozi eshitildi va axborotlar gavdalandi.

 

0.1 sekundda fikr olish
Tushunarli ish qilish uchun dizayner inson hissiyotlarini o‘rganishi kerak. Masalan, siz eshikni itarib qo‘ydingiz va u ochilmadi. Keyin nima qilasiz? Miya sizga yana itar, qattiqroq, deya ta’kidlaydi. Agar fidbekka qo‘yib beradigan bo‘lsak, odamlar ko‘pincha tizim birinchi marta bosishni hisoblamagan degan xulosaga kelishadi.

Zamonaviy tizimlar foydalanuvchi operatsiyadan keyin 0,1 soniyadan kechikmay operatsiyani bajarishga harakat qilmoqda.

Ba’zan tugmachani yana bir marta bosish juda kuchli reaksiyani keltirib chiqaradi. Masalan, qancha odam sichqonchani kompyuter qotib qolgunicha qattiq, sharaqlatib bosishini eslang. Shuning uchun biz ogohlantirishlarga juda muhtojmiz: masalan, jarayon allaqachon boshlanganligini ko‘rsatadigan qumli soat bu borada ancha foydali.

Biz juda ko‘p xabarlarni eshitganimizda, ularning barchasini e’tiborsiz qoldira boshlaymiz yoki qo‘limizdan kelganicha hamma narsani o‘chirib yuborishga harakat qilamiz. Biz bunda muhim narsani yo‘qotib qo‘yishimiz mumkin. Fikr-mulohaza muhim, ammo xalaqit beradigan darajada emas.

 

Chek-list

Biz pechni maksimal haroratgacha qizdiramiz va bu haqda unutamiz. Biz noto‘g‘ri tugmachani, noto‘g‘ri eshikni bosamiz ... Biz odamlarmiz va xatolarga yo‘l qo‘yamiz.

Dizayner nima qilishi mumkin? Odamlar iloji boricha nima xohlayotganlarini tushuntirishlariga imkon bering.

Chek-list – bu xatolar ehtimolini kamaytiradigan vosita. U xotiradagi nosozliklarga qarshi kurashadi va biz chalg‘ib qolganimizda ham ishlaydi. Samarali nazorat ro‘yxatini ishlab chiqish qiyin, ammo bu mumkin.

 

Fiksatorlar

Fiksator operatsiyani davom ettirishga imkon beradi va uning muddatidan oldin tugashiga yo‘l qo‘ymaydi. Biz fiksatorlarni kompyuterlar orqali ham taniymiz: ular ko‘plab kompyuter dasturlarida ishlayotganingizda sizga duch keladi, ya’ni siz chiqish tugmasini bossangiz, ishingizni saqlamasdan chiqib ketishga yo‘l qo‘ymaydigan protsess – ana o‘sha fiksator hisoblanadi.

Masalan, ushbu fiksator siz o‘z ishingizni saqlamaguningizcha yoki uni bila turib saqlashdan bosh tortguningizcha dasturdan chiqishingizga to‘sqinlik qiladi. Eslatma: u shunchalik yaxshi tuzilganki, siz to‘g‘ridan-to‘g‘ri xabarni bosish orqali kerakli operatsiyani bajarishingiz mumkin.

Ba’zi kompaniyalar xaridorlarning raqobatchilar oldiga borishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘z mahsulotlarini shunday taklif qilishadi.

 

O‘chirish

Agar fiksatorlar zarur operatsiya bajarilguncha odamlarga biron bir harakatni amalga oshirishga imkon bermasa, o‘chirish odamni xavfli joylarga kirishiga to‘sqinlik qiladi va istalmagan hodisalarni oldini oladi. Qo‘shma Shtatlardagi jamoat binolaridagi zinapoyalar bunga misol bo‘la oladi.

Yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda, odamlar vahima ichida zinapoyadan yugurib,  pastga tushishadi, birinchi qavatdan o‘tib, podvalga yuguradilar va u yerda xuddi tuzoqqa tushgandek qamalib qolishadi. Yechim odamlarning birinchi qavatdan podvalga osongina tushishining oldini olishdir.

O‘chirish xavfsizlik maqsadida ishlatiladi.

Shunday qilib, shkaf eshiklariga bolalar qulfini o‘rnatish, vilkasini ulagan holda rozetkalarni yopish, dori-darmon va zaharli moddalarni maxsus qutilarga berkitish eng yaxshi himoya bo‘lganidek, bu marketingda ham ahamiyatlidir.

 

Cheklovlar

Cheklovlar – bu mumkin bo‘lgan harakatlar doirasini toraytiradigan kuchli insoniy ko‘rsatmalar.

Agar siz dizaynni ishlab chiqishda cheklovlar haqida o‘ylasangiz, odamlar yangi vaziyatda qanday choralar ko‘rish kerakligini tezda aniqlay olishadi.

Buni qanday qilish kerak? Elementlarning shakli va o‘lchamidan foydalaning. Masalan, avtoulovlarga turli xil suyuqlik kerak – dvigatel moyi, transmissiya moyi, tormoz suyuqligi, oynani yuvish vositasi kerak bo‘ladi.

Agar siz suyuqlikni noto‘g‘ri joyga to‘ldirsangiz, bu avtomobilga zarar yetkazishi mumkin. Avtomobil ishlab chiqaruvchilari suyuqlik quyilishi kerak bo‘lgan joylarni ajratib qo‘yadilar va ko‘pincha ularni turli xil ranglarga aylantiradilar. Bularning barchasi xatolik ehtimolini kamaytirishga yordam beradi. Dizaynda ham aynan shu amaliyot qo‘llanilishi xatolarni oldini oladi.

 

Manba: "Odatdagi narsalar dizayni" kitobi

Kamoliddin Abdullayev tarjimasi

Nashr qilingan sana: 08.09.2020