Maqolalar

O'qish vaqti: 10 daqiqa

U faqatgina “Chelsea” bilan cheklanmagan. Roman Abramovich qaysi loyihalarga sarmoya kiritmoqda?

Rossiyalik tadbirkor Roman Abramovich “Forbes” talqiniga koʻra, dunyoning eng boy odamlari roʻyxatida 113-oʻrinni egallab turibdi. 2020-yil aprel oyidagi maqolada nashr uning boyligini 12 milliard dollarga baholagan.

Abramovichning nomi birinchi navbatda Angliya futboli va Rossiyadagi tabiiy resurslarni qazib olish bilan bogʻliq. 2003-yilda tadbirkor Angliyaning “Chelsea” futbol klubini 140 million funtga sotib oldi (sotib olish paytidagi kurs boʻyicha 223 million dollar).

1990-yillarning oʻrtalarida Abramovich keyinchalik “Gazprom“ga 13,1 milliard dollarga sotgan “Sibneft“ neft kompaniyasini xususiylashtirdi. Hozir kompaniya “Gazprom neft“ nomi bilan tanilgan. Bundan tashqari, Abramovich “Norilskiy nikel” va Evraz metallurgiya kompaniyalari aksiyadori hisoblanadi.

Biznesmen bir nechta investitsiya kompaniyalari va fondlari yordamida venchur investitsiyalarda ham faol ishtirok etmoqda. “Rusbase” Abramovich bilan bogʻliq investitsiya kompaniyalari portfellarini oʻrganib chiqdi.

Millhouse: kraudfanding va elektr transport vositalarini zaryadlash

Bu Roman Abramovichning aktivlarini boshqaradigan investitsiya kompaniyasidir. Millhouse rahbari — Abramovichning sobiq hamkori Yevgeniy Shvidler. Kompaniya egalarining roʻyxati rasmiy ravishda eʼlon qilinmaydi.

Millhouse sarmoyasi qator startaplar sarmoyalarini oʻz ichiga oladi. Eng yirik bitimlar:

  • StoreDot — telefonlar va elektr transport vositalarini tez zaryadlash uchun batareyalar ishlab chiqaruvchisi. 2014-yilda Abramovich startapga 10 million dollar sarmoya kiritdi, shundan soʻng biznesmen loyihaning yana bir necha investitsiya bosqichlarida qatnashdi;

  • AcousticEye — neft va gaz quvurlarini tekshirish uskunalarini ishlab chiqaruvchisi. 2014-yilda Millhouse kompaniyaga 2 million dollar sarmoya kiritdi;
  • iAngels – kraudfanding platformasi. 2015-yilda Millhouse va boshqa investorlardan 2,25 million dollar yigʻdi;
  • KIDOZ – bu bolalar uchun xavfsiz tarkibga ega dastur. 2015-yilda Abramovich va venchur kapital firmasi Chernovetskyi Investment Group loyihaga 3,5 million dollar sarmoya kiritdi;

  • Music Messenger – bu bepul musiqa tinglash uchun moʻljallangan dastur. Abramovich 2015-yilda startapga 15 million dollar sarmoya kiritgan. Biroq loyihaning veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlari hozircha mavjud emas.

Oʻtgan yili Abramovich rus kinematografiyasini qoʻllab-quvvatlash uchun “Kinopraym” fondini tashkil etdi.

Millhouse fond sarmoyadoriga aylandi, deb yozadi “Interfaks”. Jamgʻarma hajmi uch yil davomida 6 milliard rublni tashkil etadi. “Kinopraym” yiliga 10-15 loyihani moliyalashtirishi kutilmoqda.

Impulse VC: Yuzni tanib olish texnologiyasi va qurilish bozori

2013-yilda Abramovich Mail.Ru Groupʼdan Sape link birjasining ulushini sotib oldi. Keyinchalik Sape texnologik startaplarga sarmoya kiritadigan venchur kapital fondi boʻlgan Impulse VCʼni ishga tushirdi.

Impulse VC elektron tijorat, marketing texnologiyalari, dasturiy taʼminot, shuningdek, Internet xizmatlari sohasidagi loyihalarga qiziqish bildirmoqda. Loyihalar geografiyasi — Rossiya, AQSH, Yevropa qitʼasini qamrab oladi.

Hozir fondning portfelida 40 ga yaqin loyiha mavjud.

Ervington Investments: foto, video, sayohat

Investitsiya kompaniyasi eʼtiborini xorijiy loyihalardagi investitsiyalarga qaratadi. 2015-yildan beri Ervington Investments bir nechta startaplarni moliyalashtirdi:

  • Velocys — bu shahar chiqindi gazini yoqilgʻiga aylantiradigan Angliya-Amerika kompaniyasi. Abramovich 2014-2016-yillarda loyihaga sarmoya kiritgan, hozirda u kompaniyaning 24,04 foiziga egalik qiladi;

  • Propell Technologies — bu slanesli neft va gaz ishlab chiqarish uchun plazma texnologiyasini ishlab chiqaradigan Amerika kompaniyasi. 2015-yilda Ervington Investments kompaniyasi ikki transhda loyihaga 15 million dollar sarmoya kiritdi;
  • Driveway — bu sugʻurta kompaniyalari uchun haydovchilarni boshqarish uslubi haqida maʼlumot toʻplaydigan Amerika startapi. Ervington Investments kompaniyasi 2015-yilda startapga 10 million dollar sarmoya kiritgan.
  • Via — Nyu-Yorkdagi sayohatchilarni qidirish xizmatidir. Abramovichning kompaniyasi startapga 2015-2016 va 2020-yillarda sarmoya kiritgan. Ervington Investments sarmoyasi hajmi oshkor qilinmadi.

Norma Investments Limited: biotexnika va Telegram

Roman Abramovich bilan bogʻliq boʻlgan yana bir investitsiya kompaniyasi. 2016-yilda Norma Investments kompaniyasi AltaIR Capital va boshqa investorlar bilan birgalikda Spot.IM startapiga 13 million dollar sarmoya kiritdi. Bu ijtimoiy tarmoqlarning funksionalligini saytga qoʻshish uchun platforma hisoblanadi.

Bundan tashqari Norma Investments tibbiyot startaplarga sarmoya kiritadi. 2017-yilda u ikkita biotexnika kompaniyasiga sarmoya kiritdi.

Norma Investmentsʼning eng taniqli investitsiyalaridan biri Pavel Durovning Telegram Open Network (TON) blokcheyn loyihasiga kiritilgan sarmoyadir.

2018-yil boshida Durov AQSH Qimmatli qogʻozlar va birjalar boʻyicha komissiyasini (SEC) cheklangan miqdordagi investorlardan ICO uchun 1,7 milliard dollar yigʻish toʻgʻrisida xabardor qildi.

OAV Durovning blokcheyn loyihasiga sarmoyadorlardan biri Abramovich boʻlganligini yozdi. Biroq, tadbirkorning vakillari bu maʼlumotni tasdiqlamadilar.

Oʻtgan yili SEC TONʼga qarshi sudga murojaat qilib, loyiha yaratuvchilarini roʻyxatdan oʻtmagan qimmatli qogʻozlarni sotishda aybladi. Jarayon davomida Amerika regulyatori baʼzi investorlarning ismlarini oshkor qildi. Ular orasida TONʼga 10 million dollar sarmoya kiritgan Norma Investments ham bor edi.

Kamoliddin Abdullayev tayyorladi

Nashr qilingan sana: 21.11.2020

O'xshash maqolalar