Texnologiya

O'qish vaqti: 11 daqiqa

Vikipediya, YouTube va boshqa onlayn platformalar qay tariqa pul ishlaydi?

Ushbu maqolada biz to‘rtta eng yirik internet platformalari — YouTube, OLX, Airbnb va Vikipediyaʼning biznes-modellarini yoritamiz. Ularning har biri bosib oʻtgan yoʻl bir qarashda umuman imkonsiz boʻlib koʻrinadigan joydan ham juda katta daromad olish mumkinligini ko‘rsatadi.

YouTube

YouTube 2005-yilda uchta dasturchi tomonidan yaratilgan. Bir yil oʻtgach, xizmat “Google” kompaniyasi tomonidan 1,65 milliard dollarga sotib olingan.

YouTube bugungi kungacha eng katta video almashish sayti va ikkinchi eng katta qidiruv tizimidir. Unda tashrif buyuruvchilar video tomosha qilish uchun kuniga bir milliard soat vaqt sarflaydilar.

Platforma pulning katta qismini tarkibdan emas, balki tomoshabinlarning video tomosha qilishlaridan oladi — kuniga 30 million kishi. Monetizatsiya usullari:

1. Homiylar reklamasi

Agar siz videoni qidirsangiz, qidiruv natijalarining birinchi joylarida “Reklama” belgisi bilan bir nechta video koʻrsatiladi — bu pulli reklama. Xizmat reklama beruvchilardan ularning tarkibini targʻib qilish uchun pul oladi. Miqdor qabul qilingan tomosha soniga bogʻliq.

2. Ichki reklama

Ichki reklama — bu video boshlanishidan oldin paydo boʻladigan reklama va pop-up bannerlari.

3. Asosiy sahifadagi eʼlonlar

Agar foydalanuvchi oʻz hisoblariga kirmagan boʻlsa, YouTube bosh sahifasida rasm yoki video bannerlari koʻrsatiladi. Baʼzi hollarda uning konversiyasi 80 foizga yetishi mumkin.

4. YouTube Red (Premium)

Bu obuna xizmati (oyiga 10 dollar), foydalanuvchilarga YouTubeʼga kengaytirilgan versiyada kirish huquqini beradi:

  • YouTube Music va YouTube Gamingʻdan foydalanish imkoniyati;
  • Reklamasiz videolarni koʻrish;
  • Eksklyuziv YouTube Red tarkibiga kirish;
  • Boshqa dasturlar ishlayotganida va ekran oʻchirilganida fon musiqasini tinglash;
  • Google Play Musicʼga bepul obuna.

5. Pulli tarkib

YouTube oʻz videolarini koʻrish uchun haq oladigan kontent yaratuvchilar bilan hamkorlik qilishga tayyor. Bunday holda foydalanuvchi obuna uchun pul toʻlashi yoki kanal tarkibiga kirish huquqini sotib olishi kerak. Aniq raqamlar oshkor etilmagan, ammo kontent egasi va platforma oʻrtasida 55:45 nisbatida taqsimlangani haqida mish-mishlar tarqalgan.

6. YouTube TV

Bu eksklyuziv jonli kanal obuna asosida foydalanuvchilarga taqdim etiladi. Bir oylik obuna 35 dollar turadi. Bundan tashqari alohida narxlanadigan premium kanallari mavjud.

7. Hamkorlik dasturi

Baʼzi videolar ostida tematik mahsulotlar reklamalari paydo boʻlishi mumkin. Agar biror narsa sotib olsangiz, YouTube foizni oladi.

 

OLX

OLX 2006-yilda Argentinada tashkil etilgan. Hozir u 40 mamlakatda ishlaydi. Hindiston, Braziliya, Pokiston, Portugaliya, Polsha, Ukraina, Nigeriya, Filippin va Keniyada sayt bepul eʼlonlar bozorida birinchi oʻrinni egallaydi. Uni Janubiy Afrikadagi “Naspers” media-guruhi nazorat qiladi.

OLXʼning baʼzi xususiyatlari va yutuqlari:

  • Ushbu sayt koʻplab mamlakatlarning onlayn tasniflangan bozorida eng yirik hisoblanadi, ayniqsa, Hindistonda;
  • OLXʼning muvaffaqiyati “Google” kompaniyasi “Google Trader” reklama saytini oʻchirishiga erishgani bilan bogʻliq;
  • Argentinada mashhurlik boʻyicha OLX yetakchi ijtimoiy tarmoqlar bilan bir qatorda turadi;
  • OLX bitimlarining soni 8,5 milliondan oshdi.

OLX, boshqa onlayn-bozorlardan farqli oʻlaroq, oʻzi hech narsa qilmaydi. Portal uchun asosiy daromad manbalari:

1. Google Adsense

Kompaniya daromadlarining asosiy ulushi “Google Adsense” orqali kelib tushadi. Portal saytga koʻplab tashrif buyuruvchilarni jalb qiladi va bu reklama oqimini Google reklama tarmogʻida namoyish qilish orqali pul mablagʻlarini jalb qiladi.

Sotuvchi reklama qoʻshganda, u roʻyxatning yuqori qismida joylashadi. Ammo vaqt oʻtishi bilan xabar pastga tushadi va koʻrishlar soni, oʻz navbatida, kamayadi. Sotuvchi reklamani yuqori qismida koʻrsatish uchun OLXʼga pul toʻlashga majbur.

 

Vikipediya

Hozirda Vikipediyaʼda 6 millionga yaqin maqola, 33 million roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchilar, 32,5 million faol muharrirlar mavjud. Shu bilan birga har kuni faqat ingliz tilidagi segmentda 600 ga yaqin yangi materiallar qoʻyiladi.

Bu juda muvaffaqiyatli va daromadli loyiha boʻlib, 2017-yilda 91 million dollar daromad oldi. Shu bilan bir qatordа reklama, filiallar yoki pullik xizmatlardan birorta ham daromad olinmadi.

Vikipediya -foydalanuvchilar tomonidan yozilgan ensiklopediya. Bu hamkorlik va maʼlumotlar yaratishni osonlashtirish uchun yaratilgan onlayn darslikning maxsus turi boʻlib, unda butun dunyodagi koʻngillilar ishonchli manbalardan foydalanib tarkibni tahrirlashadi.

Asosiy tarkib koʻngillilar tomonidan bepul taqdim etilganligi sababli, tashkilot oʻz faoliyatini faqat sayt, serverlar va maʼmuriyatni saqlashga yoʻnaltiradi. Resurs nafaqat Vikipediyaʼni, balki taʼlim sohasidagi boshqa saytlarni ham qoʻllab-quvvatlaydigan notijorat tashkilot boʻlgan “Wikimedia” jamgʻarmasiga tegishli.

Daromadining atigi uchta manbasi bor:

  • Kompaniya oʻz mablagʻlarining katta qismini dunyo boʻylab millionlab odamlar va kompaniyalar tomonidan xayriya shaklida oladi;
  • Kind services – xayr-ehson boʻlib, kompaniya kerakli jihozlar bilan taʼminlanadi;
  • Tashkilot oʻz brendi ostida tovar mahsulotlarini sotadi: futbolkalar, krujkalar, noutbuklar va boshqalar.

 

Airbnb

Airbnb — bu butun dunyo boʻylab xususiy uylarni roʻyxatga olish, qidirish va qisqa muddatli ijaraga olish uchun moʻljallangan onlayn bozor.

Taʼsischilar yotoq va nonushta taklif qiladigan oddiy veb-sayt yaratdilar. Ular platformani yaxshilagani sari odamlar undan koʻproq foydalanishni boshladilar. 

Bugungi kunda Airbnb dunyoning 190 dan ortiq mamlakatlaridagi 34,000 shaharlarida mavjud. Yaratilganidan beri xizmat 35 million kishiga moʻljallangan turar joyni topishga yordam berdi. 2017-yil mart oyida kompaniya 30 milliard dollarga baholandi va uning uchta asoschisining shaxsiy boyliklari har biri 1 milliard dollarga baholandi.

Anʼanaviy mehmondoʻstlik biznesi oʻz obyektlarini qurish, rivojlantirish va texnik xizmat koʻrsatishga millionlab sarmoya kiritdilar.

Kompaniya ikki yoʻl bilan daromad oladi:

1. Uy egalaridan olinadigan komissiya

Airbnb ijarachilarga buyurtma berish uchun 10 foiz haq toʻlaydi.

2. Sayohatchilar / mehmonlardan tranzaksiya toʻlovlari

Buyurtma miqdorining 6-12 foizi — har bir tasdiqlangan turar joy uchun toʻlov. Va mamlakat qonunchiligiga qarab QQS olinadi.

Shuningdek, kompaniya "Airbnbmag​” sayyohlik jurnalini sotishdan va barcha zarur hisobotlarni taqdim etgan holda turli kompaniyalar rahbarlari uchun xizmat safarlarini tashkillashtirishdan tushgan mablagʻning bir qismiga ega boʻladi.

Omina Sharipova tarjimasi

Nashr qilingan sana: 22.08.2020