Akmal Paiziev

My Taxi, Express24, Workly asoschisi bilan intervyu

“Ofis tur” loyihamizning navbatdagi mehmoni “Express24” va “MyTaxi” xizmatlari asoschisi Akmal Payziyev bo’ldi.

 

Assalomu alaykum, Akmal aka. Avvalambor, taklifimizni qabul qilganingiz uchun rahmat. Sizga dastlabki savol bilan murojaat qilsak. Siz qachondan biznes faoliyatingizni qachon boshlagansiz?

 

Biz o’z biznesimizni 2005-yilda tashkil etganmiz. O’sha paytlari avtomobil navigatsiyasi O’zbekistonda mavjud emasdi. Shunda avtomobillarga navigatsiya tizimini yaratishni orzu qilgandik. Bu loyihani ishga tushirish uchun 4 yil vaqtimiz ketgandi. 2009-yilga kelib o’z g’oyamizni amalga oshirganmiz.

 

Avvaliga necha nafar xodim bilan ish boshlagansizlar?

 

“butun dunyoda 400dan ziyod shaharda Workly’dan foydalanishadi”

 

Endi boshlagan paytlarimiz 4 kishi bilan qadam qo’ygandik bu yo’lga. Bugungi kunga kelib, umumiy hisobda, 140 nafarga yaqin xodimimiz bor. Navigatsiya tizimi tekin xarita chiqqanidan keyin to’xtab qolgandi. Lekin bu loyihani My Taxi’da sinab ko’rishga qaror qilgandik. Bitta kompaniyamiz 4ta bo’limga ajraldi. Masalan, Workly kompaniyamiz ishchilarni nazorat qilishga ixtisoslashdi. Hozirda “Chopar” va “Korzinka” ishchilari mana shu Sistema asosida faoliyat yuritadilar. Undan tashqari, bizni 22 davlatda mijozlarimiz bor va 400dan ziyod shaharlarda Workly tizimidan foydalanishadi. Hindistondan tortib, AQShgacha bu tizim mijozlari hisoblanadi. Rossiyaning “Азбука вкуса” supermarketlar tarmog’i ham sistemamizdan foydalanadi. Mehmonxonalar, magazinlarning aksariyati ham mijozlarimizdir.

Biz 2015-yilda yangi loyihaga qo’l urdik. “My Taxi” – mobil ilova orqali taksi buyurtma qilish dasturini yaratdik. Bugungi kunda tizimimizda 3.5000 dan ortiq haydovchi mavjud. 2017-yil Express24 servisini ishga tushirdik. Bu loyihadan maqsad – kafe va restoranlardan issiq ovqatni yetkazib berish xizmatini tashkil qilish edi, bugungi kunda 200 ga yaqin kafe va restoranlarda yetkazib berish xizmatimiz ishlab, o’n minglab odamlarga xizmat qilmoqda.

 

Aynan ushbu startap muvafaqqiyatga erishishi uchun nimalar talab etiladi?

 

“jamoa yaxshi bo’lsa, har qanday qiyinchiliklarni yengib o’tadi”

Startaplarni muvafaqqiyatli bo’lishiga bir nechta omil bir vaqtning o’zida mos kelishi kerak, alohida faktorni ko’rsatib bo’lmaydi. Masalan, yaqinda bitta maqolani o’qib qolgandim, unda aytilishicha, muvafaqqiyatni asosiy omillari – o’z vaqtida boshlash, g’oya va uni amalga oshirish, jamoa, moliya va investitsiyalarga bog’liq bo’lar ekan. Statistikaga qarasak, 95% startaplar bir yildan keyin yopilib ketarkan. O’rganishlar natijasida “Timing” ya’ni o’z vaqtida degan tushunchaga ham katta narsa bog’liq bo’larkan. Undan tashqari jamoa ham asosiy bo’g’in. Ba’zilar uni birinchi navbatga qo’yadi. Chunki ba’zida boshqa g’oya bilan biznesni boshlaydilarda, keyinchalik umuman boshqa sohaga o’tib  ketadilar. Jamoa yaxshi bo’lsa, oldindagi har qanday qiyinchiliklarni yengib o’ta oladi. G’oyaning biznesdagi muvaffaqiyatli qismi 5%, qolgan 95% ushbu g’oyani qanday amalga oshirishga bog’liq.

Odam o’z g’oyasini aytishdan va oshkor qilishdan qo’rqmasligi kerak.

 

 Bu biznesda marketingni o'rni qanday va Siz qay turdagi reklamalardan foydalanishni tavsiya qilasiz?

 

“auditoriyani tanlash juda muhum”

 

Marketing bo’yicha aniq yo’nalishni aytish qiyin, masalan, sizni ishingiz internetga bog’liq bo’lsa,  internet marketingdan faol foydalanishingiz kerak bo’ladi. Ijtimoiy tarmoqlar, YouTube’ning reklamasidan foydalanish kerak, lekin bir nimani tushunib olish kerak, auditoriyani to’g’ri tanlay olish juda muhum. Shunday termin mavjud, CAC – Customer Acquisition Cost, ya’ni mijozning tovar yoki xizmatni sotib olish narxi ham rol o’ynaydi. Masalan, siz biror mahsuotni 1000$ga reklama qildingiz, undan 100 ta mijoz sizni qidirib topdi. Ya’ni bitta yangi mijozni topsih uchun siz 10$ harajat qildingiz. Endi bu narsani yanada arzonroq qilish kerak, shu pulga 100 ta emas, 1000 ta yangi mijoz “sotib olish” ni o’ylash kerak.

Biz o’z loyihalarimizni reklama qilishda har xil uslubdan foydalanganmiz. “Express24” va “My Taxi” uchun facebook’dan keng foydalanganmiz. Tashqi reklamalardan, bannerlar va instagramdan faol reklama vositasi sifatida foydalanganmiz. Workly’da marketing sal boshqacharoq ketgan, chunki unda mijoz umuman boshqa. Seminarlar va tadbirlar orqali mijozlarni jalb qilganmiz. Unda aniq strategiya bilan ishlash talab qilingan.

 

Nega “My Taxi” loyihasi faqat Toshkent bilangina chegaralanib qolgan?.

 

Bilasizmi, poytaxtda sarflanayotgan pul so’m, deb oladigan bo’lsak, undan kelayayotgan foyda 2 so’m, viloyatlar kesimida bu summa 2 so’mdan ham past qaytadi. Lekin hozirda bizda yangilik bor. Nasib qilsa, Farg’onada “Express24” ni ishga tushirish arafasidamiz.

 

Loyihangiz rivojlanishida xodimlarning o’rni qanaqa va ularga qanday  motivatsiyalar berib turasiz?

 

 

“ochiqlik va to’g’ri kommunikatsiyani yo’lga qo’yish”

 

Men 15 yildan buyon birga ishlayotgan xodimlar ham bor. Menda eng asosiy strategiya bu – ochiqlik va to’g’ri kommunikatsiyani yo’lga qo’yish. Samimiy bo’lsangiz, o’z g’oyalaringiz ularga ma’qul kelsa, ular sizni doim qo’llab turadi. To’gri, moliyaviy tomonlama rag’bat ham kerak, lekin o’ylashimcha, pul birinchi o’rinda emas, eng muhimi sizni niyatingiz va qadriyatlaringiz ularga yaqin bo’lsa, ular bilan uzoqqa bora olasiz.

 

Yaqin besh yil ichida O’zbekistonda IT sohasining kelajagini qanday tasavvur qilasiz?

 

 

“yaqin besh yilda hech nima kutmang”

 

Men 10 yilda ham u qadar zo’r tasavvur qilmayman. Chunki mo’jiza birdaniga bo’lib qolmaydi. Masalan, ko’pgina davlatlar bu yo’lni allaqachon bosib o’tgan, endi ular buning natijasini olishyapti.

 

Bu yil daraxt eksangiz, o’sha yiliyoq hosil olomaysizku, bu ham xuddi shunday, biz endi daraxt ekyabmiz, hali ekib ham bo’lmadik. Yaqin besh yilda hech nima kutmang. Bizda eng katta muammo – kadrlar. Shuni avvalo hal qilish kerak.

 

Yosh startap egalari g’oyalarini rivojlantirishda investor topish uchun nima qilishlari kerak?

 

“iloji boricha boshlanishiga biznesni kichikroq summadan boshlash yaxshi”

 

Bunda bir qancha formulalar bor, eng yaxshisi 3 ta F (family, friends, fools) bor. Masalan, nimadir boshlamoqchi bo’lsangiz, birinchi navbatda oiladan, ota-ona ko’magida boshlashingiz yoki do’stlar yordamida g’oyangizni hayotga tadbiq etishingiz mumkin bo’ladi. 3-yo’l bo’lsa, notanishlar, ya’ni umuman boshqa odamlardan yordam olib biznesni boshlash hisoblanadi. Bu biroz qiyinroq kechadi. Yana  “Angel investor” degan tushuncha bor. Atrofda, mahalla-ko’yda daromadga ega odamlar bo’ladi. Ana o’shalardan mablag’ olib, ularni g’oyangizga sherik qilish, ya’ni moliyalashtirish orqali amallasa bo’ladi. Chet elda startaplar uchun institutlar mavjud, Venture Capital Investment  kabi  fondlar mavjud. Ular startaplarni qo’llab-quvvatlaydi.

Meni fikrimcha, iloji boricha boshlanishiga biznesni kichikroq summadan boshlash yaxshi. Kun kelib go’yangizni yo’qotishdan bu yaxshiroq.

 

Siz o’z g’oyangiz uchun qayedan mablag’ olgansiz?

 

“bizga boshida 2 tagina kompyuter kerak bo’lgan, xolos

Biz loyihamizni boshlaganimizda, dastlab katta pul kerak bo’lmagan. O’rtoqlarim bilan yig’ilib, shu masalani hal qilganmiz. Bizga eng avvalo 2 tagina kompyuter kerak bo’lgan, xolos. Keyinchalik navigatsiya sistemasida ishlash uchun bizga katta pul kerak bo’lgan. Lekin eng qizig’i, investorlarni o’zi bizni topgan. Ular bizga pul taklif qilgan, biz uni g’oyamizga sarflaganmiz.

 

Ushbu yo’nalishda loyiha boshlamoqchi bo’lgan yoshlarga qanday tavsiyalar berasiz?

 

Biznes oson narsa emas, ko’p mag’lubiyatga uchrashingiz, qarzga kirib ketishingiz mumkin. Lekin shuni tushunish kerakki, odam qanchalik qiyinchilikdan o’tsa, shunchalik chiniqadi, irodasi mustahkam bo’ladi. Doim KFS hikoyasidan ilhomlanaman. Masalan, KFS’ning ramzidagi o’sha inson 1300 marta investorlar bilan o’z g’oyasini moliyalashtirish haqida gaplashgan, 1300 marta! Ohiri maqsadiga yetgan, demak iroda, chidamlilik va o’z oldiga qo’ygan maqsaddan hech qachon ortga qaytmaslik kerak. eng muhumi, sabr!

 

 

Loyihani investorga taqdim qilayotganda nimalarga e’tibor qaratish kerak?

“biznesda nola, yalinishilar hech kimga qiziq emas”

Ko’p investorlarda vaqt muammosi bo’ladi. Ularga ko’pchilik “menga pul tiking”,- deb keladi. Bilib qo’ying, biznesda nola, yalinishilar hech kimga qiziq emas. Sizda aniq maqsad, qiziqtira olish yuqori bo’lishi kerak. sizga berilgan o’sha ozgina vaqt davomida siz o’z g’oyangizga o’sha biznesmenni qiziqtira olishingiz shart. Biznes – bu jang, u yerda bozor va raqobat bor! Unutmang, siz elevator ptich’ga, ya’ni – cheklangan vaqt ichida taqdimotingizni mukammal qila biling. Siz hamma narsani tushuntirib bera olmassiz, detallarni aytish shartmas. Masalan, ovqat yetkazib berishda qanday ovqat pishirishni aytib o’tirishingiz kerakmas. Siz aytishingiz kerak – “biz odamlarga ovqatni tekin yetkazib bermoqchimiz”, shunda u odam nega tekin ekanligiga izoh so’raydi. Ana shunda siz batafsil suhbatni ana shunday olib borishingiz kerak. shuni yodda saqlang, shunday tushuntiringki, jarayonni o’zlar qiziq so’rab olsin. 

 

Fikringiz qancha qisqa va lo’nda bo’lsa, bu sizni ishga yondashuvingiz va tayyorgarligingizni anglatadi.

 

Investot bilan suhbatda nimalar haqida gapirish kerak aslida?

 

Ularga sizning tajrbangiz muhum. Masalan, ular sizni nimalarni o’rganganingiz, qaysi ishlarni qilib shunday xulosalarga kelganingizni ifodalab bera olishingizni hisobga oladilar. Ular sizni qanchalik uzoqqa bora olishingizni bilishni xohlaydilar. Ular sizni pulsiz qanchaga bora olishingizni bilishni xohlaydilar, ya’ni pul berish yoki bermasligidan qat’iy nazar mana shu yo’ldan ketishingizga ishonch hosil bo’lishi shart.

Meni g’oyamga qo’shil, mablag’ ber emas. Men mana shu yo’ldaman, shuncha-shuncha narsani reja qilganman, , menga qo’shilsang, shuncha rejani birga qilamiz va sen ham bu yo’lda manfaatlanasan, degan narsani oldingizga qo’yishingiz kerak.

Ko’pchilik aslida o’z g’oyasiga ishonmaydi. Investor pul berib, unga enagalik qilib yurmaydiku!

 

Bo’lajak tadbirkorlarga maslahatlaringiz?

“xatolar – qo’rqinchli narsamas”

Birinchi maslahatim, biror ish qilmoqchi bo’lsangiz, uni boshlash kerak, agar boshlanishidan qo’rqib o’tiraversangiz hech nimaga erisha olmaysiz. Xatolar – qo’rqinchli narsamas, hamma ham xato qilib o’rganadi. Xatolar jarayonni bir qismi. Ana shu xatolar orqali siz o’sasiz va izlanasiz. O’ylashimcha, hech narsaga qarab o’tirmasdan boshlash kerak.

 

Xalqaro kompaniyalar bilan raqobat qilish haqida nimalar deya olasiz?

 

Bilasmi, bizda global kompaniyalar bilan 2010/11-yillarda Google maps bilan raqobat boshlangan, ya’ni bizning navigatsion tizim bilan. O’shanda ularning tekin navigatsion dasturlari bizning pullik dasturimizni bu bozordan chiqib ketishimizga sabab bo’lgan. Keyingisi esa “Ynadex Taxi” bo’ldi. Bu bevosita bizga ham ko’p narsalarni tushunishimizga sabab bo’ldi. Mana shu ikkita katta raqobat ortidan ko’p narsa o’rgandik.

 

Yaqin kelajakda o’z oldingizga qanday maqsad qo’ygansiz?

 

Workly’ni yana ham globalligini oshirish haqida rejalar qo’ydik. Undan tashqari, “My Taxi” ni viloyatlarda amalga oshirish vaqt yetib keldi. “Express24” bilan esa boshqa davlatlarga chiqishni o’ylab turibmiz.   

 

Akmal aka, sizga ajoyib va qiziqarli suhbat uchun rahmat aytamiz.

 

Sizlarga ham rahmat. Biznesrivoj.uz ga omad tilayman.

 

Rahmat.